«Namangan new city» barpo etiladi – Prezident qarori loyihasi

Namangan shahrida «Namangan new city» zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazi barpo etiladi. Prezidentning bu boradagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanining «Yuksalish» MFY hamda To‘raqo‘rg‘on tumanining «Yettikon» va «Parosmon» mahallalariga tutash hududlarda samarasiz foydalanilayotgan ob’yektlar va yer maydonlari egallagan jami 558,0 gektar yer maydonida «Namangan new city» zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazi barpo qilinadi.
Shuningdek, Namangan viloyati hokimligi huzurida Majmua hududida ob’yektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun davlat unitar korxonasi shaklidagi «Namangan new city» ishbilarmonlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi ham tashkil etiladi.
Direksiya Namangan shahri A.Xo‘jayev ko‘chasi, 38-uy manzilidagi Namangan shahar davlat xizmatlari markazi joylashgan binoning 4-qavatida bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, majmuani barpo qilish loyihasini ishlab chiqishda uning hududida xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkazish majmualari, kinoteatr, teatr, kutubxona, biznes markazi, mehmonxonalar, banklar, ofislar, savdo komplekslari, sport-sog‘lomlashtirish ob’yektlari, turar joy binolari va boshqa zamonaviy ob’yektlarni joylashtirishga ustuvorlik beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter