Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nahotki butun boshli ulkan saltanatning taqdiri shu odamga qolgan bo‘lsa?..»

«Nahotki butun boshli ulkan saltanatning taqdiri shu odamga qolgan bo‘lsa?..»

Bo‘sh vaqt topishim bilan o‘qilishi uchun o‘z navbatini kutib turgan kitoblarimga qaytaman. Shu kunlarda sotib olgan bir nechta xaridim orasida Nursulton Nazarboyevning «Moya jizn ot zavisimosti k svobode» degan kitobi e’tiborimni tortdi.

 Men yoshligimdan taniqli siyosatsatchilar, davlat rahbarlari, bosh vazirlarning memuarlarini o‘qishni juda xush ko‘raman. Judayam. Parda ortida yashiringan hayotiy sahnalar va voqealarni kuzatgim, ular haqida bilgim keladi.

 Nursulton Nazarboyev kitobida sobiq SSSRning parchalanishi, Belovej o‘rmonidagi voqealar tahlili bor.

U SSSRning birinchi va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyov haqida ko‘p yozgan, Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsinga o‘z simpatiyalarini yashirmagan. Shu bilan birga, ularning ikkisi o‘rtasida bo‘lgan mojaro va kelishmovchiliklarni ochiqdan-ochiq ko‘rsatib bergan.

 Siyosatning nayranglari qiziq ekan. Urussiyaning Sverdlov viloyati obkomi rahbarining Moskvaga olib kelinishida bosh rolni o‘ynagan va uni qo‘llagan, avval Markaziy qo‘mita kotibi, so‘ng Moskva gorkomining birinchi kotibi qilib qo‘ygan bo‘lsa ham, uning o‘ziga qarshi chiqqan. Keyin esa Gorbachyovni ham taxtidan itarib yubordi.

 Boris Yelsin bilan kechgan bir suhbatni Nazarboyev shunday ta’riflagan: Yelsin yoshligida temir yo‘lda falokatga uchragan, poyezd relsdan chiqib ketgan ekan, ko‘p odam voqea joyida halok bo‘lgan, Yelsin esa qo‘lining ikki barmog‘idan ayrilgan ekan (chindan ham Boris Yelsinning panjasida ikki barmog‘i yo‘q edi).

 U Gorbachyov bilan ziddiyatga borganida, Yelsinni tunda noma’lum kimsalar muzdek suvga uloqtirishgan, bazo‘r sohilga chiqib olgan ekan.

Nazarboyevning hokimiyatga kelishida ustozi, Qozog‘istonning juda mashhur va kuchli rahbari, Qozog‘iston Respublikasiga qariyb 25 yil rahbarlik qilgan Dinmuhammad Ahmedovich Kunayev asosiy rolni o‘ynagan. U Sharof Rashidov bilan ham ko‘p yillar yelkadosh bo‘lib birga ishlagan.

Xususan, Kunayev Gorbachyovni yoqtirmagan va u to‘g‘risida gapirganda: «bu yosh yigit» deb murojaat qilardi.

Albatta, Kunayev Brejnev davrinining odami edi, Gorbachyovni esa xush ko‘rmagan.

Nazarboyevning nazarida, Kunayevning bosh fojiasi umri bo‘yi sadoqat ila xizmat qilgan kommunistik partiyaning tarix chiqindixonasiga qulaganini sezmaganidir.

Nursulton Abishevichning fikr-mulohazalari, tanqidiy qarashlari, ichki muammoni ko‘tarib chiqishi, Kunayevga unchalik ham yoqmasdi. O‘rtada Dimash Axmedovich bilan Nazarboye mojarosida Qozog‘iston Fanlar Akademiyasi rahbari Asqar Kunayevni (Kunayevning ukasi) hukumat majlisida tanqid qilgani jiddiy o‘rin tutgan. Va Kunayev&Nazarboyev orasida keskin sovuqlikka sabab bo‘lgan. Xullas, yangi supurgi yangicha supurishni boshlagan.

Nazarboyev o‘z kitobida Jeltoksan, ya’ni dekabr voqealariga o‘z qarashlarini bayon etkan. Birinchi kotib Kunayev va Sovmin raisi Nazarboyev o‘rtasida chidab bo‘lmas ziddiyat yuzaga keladi, shunda uning ustidan Moskovga arz qilib boradi. Gorbachyov, «sizning ustingizdan ham ko‘p shikoyatlar tushyapti, istasangiz kotiblarni yig‘ib, plenum qilamiz», deydi. 74 yashar Kunayev: «Kerak emas, men o‘zim ariza beraman», deb Olmaotaga qaytadi. Mixail Sergeyevich undan o‘rniga kimni qo‘yish mumkinligini so‘raganida, Qozog‘iston rahbariyatida bizga munosib qozoq millatiga mansub rahbar yo‘q, degan ekan. Va boshqa kadrni, ruslardan qo‘yish kerak, deganini yozgan. Alal oqibat qisqa muddatda oliy hokimiyatga tasodifiy odam – Gennadiy Kolbin kelgan. Ulyanovsk viloyati obkomining birinchi kotibi Kolbinning tayinlanishi uchun Markaziy Ijro Komitetining plenumi 18 daqiqa davom etgan, xolos. Hech kim lom-lim demagan, muhokama-munozara bo‘lmagan!

Qaysidir ma’noda Markaz tomonidan hokimiyatga aynan Kolbinning qo‘yilishi boshqa respublikalarda milliy hissiyotlarni junbishga keltirdi va bu milliy uyg‘onishning boshlanishi bo‘ldi, desak bo‘ladi. Bu sho‘ro hukumati quyoshining botishidan birinchi darak edi.

Kitobda menga yoqqan yana bir jihat, bu – Nazarboyevning dunyo mansabdorlari va hukmdorlari bilan uchrashuvlarini yod etishi bo‘ldi. Xususan, AQShga borganida Amerika prezidenti Jorj Bush (to‘ng‘ichi) uni Oq uyga taklif qilgani, o‘zining dunyoga mashhur dumaloq kabinetida qabul qilganini yozgan.

Bushning dam olish xonasiga kirishganida, kompyuter turgan ekan. Bush maqtanib: hozir hamma kompyuter ishlatyapti, men ham oldim, ishlashni o‘rganyapman, degan. Nazarboyev e’tibor berib, xonada ko‘pgina bolalar o‘yinchog‘i yoyilib yotgani ham ko‘rgan.

Bush: – Bu xonaga nabiralarim ham ko‘p kirib o‘ynashadi.

Nazarboyev: – Mening ham nevaralarim ko‘p, degan gapiga prezident Bush yerdan bitta o‘yinchoq olib sovg‘a qilgan.

Keyinroq yana bir savat tennis koptogi va talaygina bolalar o‘yinchog‘ini sovg‘a qilib yuborganini yozgan.

So‘ng prezident Bush, davlat kotibi Jeyms Beyker bilan Oq Uy oldidagi maysada sayr qilishganini eslaydi. Shunda u: Jeyms, biz saylovlarda yutamiz-a? Ha, albatta, deb javob Beyker.

Chunki Bushning saylovda yutishi aniq-tiniq edi.

Iroqdagi «Cho‘ldagi Bo‘ron» operatsiyasi tugagan. Iroq mag‘lub bo‘lgan. Amerikalik siyosatchilar ham, xalq ham eyforiyada edi. Lekin saylovda kutilmaganda janob Bush Bill Klintonga yutqazdi. Klinton bilan bo‘lgan bir voqeani Nazarboyev shunday eslaydi.

Klinton istefoga chiqqach, Qozogistonga keldi. Nazarboyevning qulog‘iga: Iltimos, menga saksofon sovg‘a qilmang, deb pichirlabdi (chunki bu cholg‘u asbobidan shu qadar ko‘p to‘yib ketgan ekan).

Muallif Klinton bilan bog‘liq yana bir noqulay vaziyat to‘g‘risida yozadi. Nazarboyev Klintonning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida rasmi tushirilgan to‘qilgan gilamcha sovg‘a qilgan. Undagi rasm ham yaxshi chiqqan. Keyin Oq uyga yana bir borganida ayron bo‘ladi. O‘sha gilam qabulxona polida to‘shalgan ekan, kotiba qiz bemalol bosib yuribdi! Amerikaliklar bunga e’tibor berishmas ekan! Juda qiziq xalq-a?

Nazarboyev kitobda, shuningdek, munkillab qolgan, yuzida qoni yo‘q, befayz bo‘lib qolgan MK Bosh kotibi Konstantin Ustinovich Chernenkoni hukumat rahbari lavozimiga qo‘yilishida suhbat uchun oldiga kabineti emas, SKBning birinchi shifoxonasiga borganini yozadi. Bechora Chernenko harakatlanaman deb uning ko‘z oldida yiqilib tushgan. O‘shanda Nazarboyev 44 yoshda bo‘lgan. «Nahotki butun boshli ulkan saltanatning taqdiri shu odamga qolgan bo‘lsa?..» deb xayolidan o‘tkazadi u.

Siyosatchilarning hayotligida memuarlar yozishi kamdan-kam kuzatiladi. Bu mardlik! Odatda, olamdan o‘tganlaridan keyin bunday kitoblar chiqariladi. Yoki hatto chiqmaydi ham. Nursulton Nazarboyevning shu jur’ati e’tirofga loyiq. Men atayin shaxsni maqtamayapman yoki tanqid qilmayapman, zero unga tarixning o‘zi baho beradi.

Kitobni o‘qishni tavsiya qilaman. Juda qiziq.

Sherzod Qudratxo‘ja.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring