Muvaffaqiyatga erishish uchun «tanka» shart emas
Kuzatishlarimizdan ma’lumki, AKT sohasida ta’lim olayotgan yoshlar asosan shu soha vakillari oilalarida ulg‘aygan bo‘lishadi. Chunki, bolaning kelajakda qanday kasb tanlashida oiladagi muhit ham muhim rol o‘ynaydi. Ammo bugungi qahramonimiz borasida bunday deb bo‘lmaydi. U ishchi-xizmatchilar oilasida kamol topgan. Xo‘sh, unda uning bu sohani tanlashiga va ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritishiga nima sabab bo‘ldi? Bugun u nimalar bilan band, kelajak rejalari qanday? «Xabar.uz» muxbirining Azamat Mirvosiqov bilan suhbati shular atrofida kechdi.
— Bolaligimda ancha sho‘x va o‘yinqaroq bo‘lganman, — deydi Azamat. — Shundan bo‘lsa kerak, birgina ingliz tilini o‘rganishim uchun bir necha o‘qituvchilarga qatnashimga to‘g‘ri kelgan. Lekin ota-onam zamon talabidagi bilimlarni egallashim uchun doimo harakat qilishardi. Negaki, oilada uch o‘g‘il farzandning to‘ng‘ichi sifatida ukalarimning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari menga ham bog‘liqligini ular ko‘p ta’kidlashardi.
Barcha tengdoshlarim singari telefonlarga, kompyuterlarga qiziqqanman. Internet-klublarga kirib, turli o‘yinlar o‘ynaganman ham. Lekin o‘shanda bular men uchun shunchaki o‘yin vositalari bo‘lgan. 2009 yili dadam kompyuter sotib olib berdi. Rosa quvongandim, axir ko‘plab do‘stlarim singari mening ham shaxsiy kompyuterim bor edi-da. Dadamning do‘sti kompyuterni sozlab, menga qanday yoqib-o‘chirishlardan tortib eng zarur amallargacha o‘rgatib ketdi. Shu kundan kompyuterga sho‘ng‘ib ketdim.
Sho‘xlikmi, o‘ta qiziquvchanlikmi, kompyuterni shu qadar ko‘p kavlashtirganimdan u ikki haftaga bazo‘r chidadi — buzilib qoldi.
Sho‘xlikmi, o‘ta qiziquvchanlikmi, kompyuterni shu qadar ko‘p kavlashtirganimdan u ikki haftaga bazo‘r chidadi — buzilib qoldi. Yana dadamning do‘stini chaqirdik. U kishi uni boshqatdan sozlagach, kompyuter shunchaki o‘yinchoq emasligini, uning vositasida eng zarur kasb-korga ega bo‘lish mumkinligini, xullas, bu ekranli mo‘jizaning barcha imkoniyatlarini obdon tushuntirdi. Shular ta’sir qildimi, men endi kompyuterga jiddiy ko‘z bilan qaray boshladim. Unda ishlash ko‘nikmalarim oshgani sari veb-dizaynga qiziqib qoldim, bu men uchun sevimli mashg‘ulotga aylandi.
— Demak, aynan shu qiziqishlaringiz sabab axborot texnologiyalari kollejini tanlagansiz?
— Albatta. Kollejda o‘qish davomida AT-sohasini chuqurroq anglay boshladim. Chunki, atrofimda shu sohaga qiziqqan tengdoshlarim, umuman olganda, muhit shuni taqozo qilardi.
— Ustozlar ta’lim-tarbiyasi ham muhim o‘rin tutadi, shunday emasmi?
— Har bir sohada ustozlar yo‘l-yo‘rig‘isiz kerakli natijaga erishish mushkul. Kollejda informatika fani o‘qituvchisi Shoira Ismoilovadan juda ko‘p bilimlarni o‘rgandim. Ustoz menga veb-dizayndan boshqa yana juda ko‘p dasturlar mavjudligini anglata oldi. Ikkinchi ustozim, matematika o‘qituvchisi Mavjuda Zayniddinova esa dasturlarni matematik modullashtirishni, bu sohaga matematik yondashuvni, matematik falsafani o‘rgatdi. Bo‘sh vaqtlarimda ulardan qo‘shimcha dars olganman. Har ikki ustozimdan minnatdorman.
— Natijalar bo‘ldimi, biror yutuqqa erisha oldingizmi?
— Ha, lekin bu yutuqqa bir o‘zim emas, jamoamiz bilan erishdik. Kollejda o‘qib yurgan yillarimda har yili AKT haftaligi doirasida o‘tkaziladigan turli tanlovlarda, loyihalarda kollejimiz jamoasi ham qatnashardi. Nihoyat, 2012-yili mazkur haftalik haqida tuzgan veb-sahifamiz birinchi o‘ringa loyiq topildi. Bu g‘oliblik mening yoshimdagi o‘smirlar uchun juda katta muvaffaqiyat edi.
Dastur tuzishni bilishingiz sizni boshqaruvchilikni his qilishga o‘rgatadi. O‘z fantaziyangiz bo‘yicha nimadir yasashni ham bilsangiz — bu endi birovga qaram bo‘lmaslik degani.
— Oliy ta’lim olish uchun nega TATU yoki Toshkentdagi INHA universitetini emas, texnika universitetini tanladingiz?
— Bilasizmi, kollejda o‘qib yurganimdayoq softverdan xardverga o‘tish vaqti kelganini anglab yetgandim. Softver, ya’ni dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish bo‘yicha o‘zimga kerakli bilimga ega bo‘lganimdan so‘ng yana shu yo‘nalishda tahsilni davom ettirish menga ortiqchadek tuyuldi. Ehtimol, bu fikrim boshqalarga ma’qul kelmas, ammo bu mening shaxsiy qarorim. Maqsadim — qo‘l bilan ushlab ko‘rish mumkin bo‘lgan biror yangilik yaratish. Buning uchun esa o‘sha moddiyatning fizik va texnik jihatlarini yaxshi bilish zarur. Dastur tuzishni bilishingiz sizni boshqaruvchilikni his qilishga o‘rgatadi. O‘z fantaziyangiz bo‘yicha nimadir yasashni ham bilsangiz — bu endi birovga qaram bo‘lmaslik degani.
— Aynan nimalar yaratmoqchisiz, loyihalaringiz ko‘pdir?
— Hozircha g‘oyalarimni, loyihalarimni birma-bir ochib tashlamoqchimasman. Ayta olganim, kelajakda o‘zimning shaxsiy xardver-kompaniyamga asos solish yoki shunday guruhni mustaqil boshqarish.
Amaliyot mobaynida yana yangi g‘oyalar tug‘ildi menda va xardver-kompaniya tuzish maqsadim yanada qat’iylashdi.
— Bu borada biror ko‘nikma yoki malakaga ega bo‘ldingizmi?
— Birinchi bosqichni tamomlagandan so‘ng yozdagi amaliyotni «Artel» kompaniyasida o‘tadim. Ochig‘i zavodning kattaligi, mahsulotlarning turfaligidan hayratlandim. Hammasini «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» tamg‘asi ostida o‘zim qatori yigit-qizlar tayyorlashyapti. Bu juda katta faxr aslida. U yerda konditsionerlar ishlab chiqarish sexida ishladim. Xorijnikidan qolishmaydi, ko‘p jihatlari bilan afzal hatto. Dunyo texnika bozorini AQSh va Xitoy mahsulotlari boshqarayotgan bugungi kunda bu kabi yirik milliy ishlab chiqarish kompaniyalari kerak juda ham. Amaliyot mobaynida yana yangi g‘oyalar tug‘ildi menda va xardver-kompaniya tuzish maqsadim yanada qat’iylashdi.
— Ham o‘qib, ham ishlash charchatib qo‘ymayaptimi? Bo‘sh vaqtingizda nimalar bilan bandsiz?
— Hammasi osongina hal bo‘lyapti, deb aytolmayman albatta.
Bo‘sh vaqtni topish har kimning o‘ziga bog‘liq. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlasa bo‘ldi. Universitet bilan uyimiz orasi bir yarim soatlik yo‘l. Asosan metro yoki marshrutkada qatnayman. Tabiiyki, o‘tirib borib-kelishga imkon bor. Ikki oydan beri yo‘ldagi shu vaqtim mobaynida koreys tilini o‘rganishga kirishdim. Natija yomon emas — yozish va o‘qishni o‘zlashtirib oldim. Istak bo‘lsa imkon topilarkan.
— «UZINFOCOM» markazida ishlayotganingizga ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin shu qisqa davr ichida ko‘zga ko‘rinarli ishlarga ulguribsiz. My.gov.uz, gov.uz portallari, «Temur tuzuklari»ning mobil loyihalarida qatnashibsiz. Shu ishlar davomida dasturchi sifatida bilimingizni sarflagansiz, o‘zingiz ham nimadir oldingizmi?
— Albatta, ko‘p bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldim. Avvalo, jamoa bilan ishlashni o‘rgandim. Avvallari biror dasturiy ta’minot yaratishda kod yozishni bir o‘zim bajarardim. Loyihalarda esa yozgan kodimni boshqalar ham tushunishlari kerak edi. O‘zaro maslahatlashishlar, malaka almashishlar bo‘ldi ish davomida.
— Yaxshi maosh to‘lashyaptimi?
— Maoshim qanchaligini aytolmayman. Lekin nolimayman, yomon to‘lashmayapti. Maoshimdan tashqari turli loyihalarda qatnashganim uchun ham ustamalar belgilangan. Universitetda davlat granti asosida o‘qiyman. Oyligim bilan oilam budjetiga hissa qo‘sha olyapman.
— Mutolaaga qandaysiz?
— Ko‘p badiiy kitob o‘qiganman deb maqtana olmayman. Lekin har bir o‘qimishli odam hech bo‘lmasa o‘zining sohasiga oid kitoblarni o‘qib turishi shart deb o‘ylayman. So‘nggi o‘qigan kitobim Piter Til (Peter Thiel)ning «Zero to One» («Noldan birga») nomli ilmiy nashri bo‘ldi. Piter Til «PayPal» kompaniyasiga asos solgan va unga sarmoya kiritgan, kompaniyani bir necha yillar boshqargan. U ayni damda «Founders Fund» kompaniyasi boshqaruv hamkori va «Clarium Capital» kompaniyasi prezidenti hisoblanadi. Til o‘zining 15 yildan ortiq boshqaruvchilik va sarmoyadorlik faoliyatida katta tajriba to‘plagan. «Zero to One» kitobida u aynan o‘sha tajribalarini bayon qilgan. Ya’ni, qiziqarli fikrlarini ko‘pchilik bilan o‘rtoqlashadi va tanqidiy fikrlashni shakllantirish usullari bo‘yicha o‘z qarashlarini taklif qiladi. Shuningdek, zamonaviy startaplar va atrof-muhit biznesi muammolarini o‘rtaga tashlaydi. Bu kitobni asl varianti — ingliz tilida o‘qib chiqdim.
Har qanday biznesda 1 (bir)dan boshlash oson. Bu kimdir amalga oshirgan ishni davom ettirish degani. Noldan birga olib chiqish — muvaffaqiyat demakdir.
— «Zero to One» biznesni noldan boshlash haqidagi kitob bo‘lsa kerak?
— Xuddi shunday. Muallif qarashlari mening g‘oyalarimga juda mos. Har qanday biznesda 1 (bir)dan boshlash oson. Bu kimdir amalga oshirgan ishni davom ettirish degani. Noldan birga olib chiqish — muvaffaqiyat demakdir.
— Ko‘p yoshlar ongida bir fikr o‘rnashib qolgan. Ular biror «tanka», ya’ni tanish-bilish, qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lmasa, biror ishni amalga oshirish juda qiyin, deb o‘ylashadi. Siz bunga qanday qaraysiz?
— Bunday fikrlarni chilparchin qilish davri keldi. Barchasi insonning o‘ziga, harakatiga bog‘liq. Qat’iy maqsad va shu maqsad yo‘lida izlanish bo‘lsa bas — muvaffaqiyatga erishish uchun «tanka» shartmas. Ayniqsa, biz yoshlar uchun barcha imkoniyat eshiklari ochilgan bugungidek kunda bu kabi qarashlarga o‘ralashib qolish, katta uyatdir. O‘zbekistonning kelajakdagi porloq taraqqiyoti bizning bugungi harakatlarimizga, maqsadlarimizga bog‘liq.
Suhbatdosh haqida:
Azamat Mirvosiqov 1994-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 256-maktabni tamomlaganidan so‘ng shu tumandagi axborot texnologiyalari kollejida o‘qigan. Ayni damda u Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining 2-bosqichida tahsil olish bilan birga «UZINFOCOM» markazida dasturchi sifatida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter