Mutlaqo yangicha hokimiyat. Mirzo Ulug‘bek tumanida eksperiment boshlandi
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida eksperiment tariqasida davlat boshqaruvining alohida tartibini sinovdan o‘tkazish boshlandi.
«Xabar.uz» portaliga ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Adliya vazirligining mas’ul xodimlari tomonidan «Mirzo Ulug‘bek tumanida eksperiment tariqasida davlat boshqaruvining alohida tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi Kengash qarori loyihasi tayyorlandi va u Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tumani Kengashi tomonidan tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini tugatildi hamda tuman hokimining kapital qurilish, obodonlashtirish va transport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman hokimining uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tuman hokimi apparati rahbari lavozimlarini joriy etildi.
Tuman iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bo‘limi, moliya bo‘limi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi va qurilish bo‘limi tuman hokimi apparati tuzilmasiga kiritildi.
Umumiy soni 79 nafardan iborat bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi apparatining boshqaruv xodimlari tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Ta’kidlash kerakki, avvalgi tuzilmada boshqaruv xodimlarining umumiy soni 23 nafarni tashkil etar edi.
Tuman hokimi apparatining tashkiliy tuzilmasiga tuman budjetining tasdiqlangan parametrlari doirasida Toshkent shahar hokimi bilan kelishilgan holda xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Loyiha mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiga tuman mahalliy budjeti daromadlari prognozining ortig‘i bilan bajarilgan qismi hisobidan tuman hokimi apparati hamda davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘limlari xodimlari lavozim maoshlariga, ular faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra, 200 foizigacha ustama belgilash huquqi berildi.
Mazkur qaror bilan mahalliy budjetga yo‘naltiriladigan bir qator qo‘shimcha tushumlar ham belgilab olindi.
Tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari ishtirokida tuzilgan ko‘plab komissiyalar (kengashlar) tugatilib, ularning vazifa va funksiyalari tegishli davlat organlari zimmasiga yuklatildi.
Belgilangan bu kabi vazifalar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan yaxshilash, hududdagi mavjud muammolarni hal qilishda ularning rolini oshirish, shuningdek 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ijro etishga qaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter