Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mutlaqo yangi tizim joriy etiladi

Mutlaqo yangi tizim joriy etiladi

Foto: SSV

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandik.

Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra ikki oy sohadagi haqiqiy ahvol o‘rganilgan.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev endokrinologiya xizmatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘riladigan birinchi galdagi chora-tadbirlarni belgilab berdi.

«Tibbiyot muassasalarida laboratoriya xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi», dedi videoselektor davomida prezident.

Bunda:

  • ikki oy muddatda laboratoriya tahlillari normativlari xalqaro tajriba asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, yangilanadi;
  • tumanlarda oilaviy va markaziy poliklinika, markaziy shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyalari maqbullashtirilib, tunu-kun ishlaydigan markaziy laboratoriyalar tashkil etiladi;
  • ularga oilaviy poliklinika va shifokor punktlaridan materiallarni yig‘ib olish uchun transport vositalari olib beriladi;
  • kelgusi yil davomida markaziy laboratoriyalardagi 1 mingdan ziyod shifokorlar va 3 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasi oshiriladi.

Davlatimiz rahbari laboratoriya tahlillariga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha ijobiy tajribani joriy qilish masalasiga to‘xtaldi.

Masalan, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Oqoltin tumanlari tibbiyot birlashmalari tarkibida bo‘lgan shifoxona va poliklinikalarga qarashli laboratoriyalar autsorsing asosida xususiy sektorga berilgan.

Xususiy laboratoriya tahlillar uchun biomateriallarni o‘zi maxsus transport orqali yig‘ib, ularning natijalarini elektron tizim orqali shifokorlarga taqdim qilmoqda.

Natijada, davlat tibbiyot muassasalarida bir oyda o‘rtacha 20 mingta tahlil o‘tkazilgan bo‘lsa, xususiy laboratoriya tomonidan bu ko‘rsatkich 30 mingtaga yetkazilgan.

Shularni inobatga olib Toshkent shahrining barcha tumanlari, Toshkent viloyatining 5 ta tumani, boshqa viloyatlarda bittadan tuman va shaharda 2022 yil davomida ushbu tajribalarni sinovdan o‘tkazish topshirig‘i berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring