Mutaxassis koronavirusning «eng yuqumli» davrini aytib o‘tdi

Koronavirusni yuqtirganlar kasallikning dastlabki kunlarida uni ko‘proq tarqatishadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 ga qarshi kurash texnik rahbari va epidemiolog Mariya Van Kerxove brifingda aytib o‘tdi.
«Ayni vaqtda ixtiyorimizdagi ma’lumotlarga asoslanib shuni aytishimiz mumkinki, kasallikning boshlanishida, alomatlar endi rivojlanayotganda odam organizmida virus zarralari ko‘p bo‘ladi», — dedi tibbiyot xodimi.
AQSh va Germaniyada o‘tkazilgan dastlabki tadqiqot natijalariga ko‘ra, COVID-19 ning yengil va o‘rtacha alomatlari bo‘lgan odamlar kasallik boshlangandan so‘ng 8-9 kungacha yuqumli bo‘ladi. Kasalligi og‘irroq kechgan bemorlar yana-da uzoqroq vaqtgacha yuqumli bo‘lib qoladi, deya ta’kidladi Van Kerxove.
Avvalroq shifokor koronavirusning alomatsiz tashuvchilari kamdan-kam hollarda kasallik tarqatishini aytgandi. Shifokorlarning tanqidlaridan so‘ng u bunday holatlar global miqyosda juda kam kuzatilishini izohladi. Kasallikni modellashtirish tadqiqotlariga tayanib epidemiolog koronavirus taxminan 40 foiz holatlarda yuqishini ma’lum qildi.
Martning boshlarida JSST yangi koronavirus infeksiyasi tarqalishini pandemiya deya e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 7 milliondan ortiq kishi kasallikka chalingan bo‘lib, shulardan 400 mingdan ziyodi hayotdan ko‘z yumdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter