«Murodboy ishi» bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston DXX Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilingan Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan jinoyat ishidan alohida ish yurituviga ajratib olingan, xalq orasida «Murodboy» nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari nihoyasiga yetdi. Bu haqda IIV Tergov departamenti ma’lum qildi.
2017-yil may oyidan qidiruvda bo‘lgan Mirzamurod Yunusaliyev 2019-yil 27-aprelida qo‘lga olingan. Shundan so‘ng, u qidiruvdaligi bois harakatdan to‘xtatib qo‘yilgan jinoyat ishi qayta tiklanib, IIV huzuridagi Tergov departamentining ish yurituviga qabul qilib olingan.
Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, Mirzamurod Yunusaliyev 2016-yil yanvarida «Erkin Avto Diller» nomli mas’uliyati cheklangan jamiyatni ta’sis etib, fuqarolarning mol-mulkini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish maqsadida, mazkur jamiyat faoliyatini niqob qilgan holda «moliyaviy piramida» deb nomlanuvchi iqtisodiy tuzilma tashkil etgan.
U bu tuzilmaga o‘zining 10 ga yaqin jinoiy sheriklarini jalb qilib, ular yordamida 6636 ta holatda 4000 nafarga yaqin fuqarolarni avtotransport vositalari, ko‘chmas mulk ob’yektlari va naqd pullarini bir yil yoki 10 oy davomida ikki barobar qilib qaytarish haqida yolg‘on va’dalar berib, fuqarolarning jami 26,87 million dollar va 18 milliard so‘m miqdordagi pul va boshqa mol-mulklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Jinoyat ishi yuzasidan Toshkent viloyati Chinoz, Yangiyo‘l, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tergov guruhi shtablari tashkil qilinib, jabrlanuvchilarni tergovga jalb qilish choralari ko‘rilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 8 milliard so‘mlik 18 ta ko‘chmas mulk ob’yektlari (uy, choyxona, do‘kon binosi, noturar bino va inshootlar) xatlangan. Fuqarolarga tegishli 85 ta yengil avtomashinalar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ushbu avtomashinalarning barchasi belgilangan tartibda baholanib, o‘z egalariga qaytarilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga eski tahrirdagi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari bilan ayb e’lon qilinib, qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
1984-yilda Chinoz tumanida tug‘ilgan Mirzamurod Yunusaliyev ham 2015-yilga qadar chinozlik Ahmadboyning yugurdaklaridan bo‘lgan va xalq orasida Murodboy nomini olgan edi. 2019-yil yozida IIV Murodboydan jabrlangan fuqarolarga murojaat qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter