Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Muqimiy» — milliy bayramga munosib tuhfa!

«Muqimiy» — milliy bayramga munosib tuhfa!

«O‘zbekkino» Milliy agentligi Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan xalqimizga Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan yangi «Muqimiy» tarixiy-badiiy filmini tuhfa etmoqda. Mazkur film «O‘zbekfilm» DUK tomonidan, Fotih Jalolov rejissyorligida suratga olingan.

Xalqparvar shoir va yetuk ijodkor Muhammad Aminxo‘ja Muqimiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ushbu filmni chin ma’noda yangi davr o‘zbek kino san’ati yutuqlaridan biri deyish mumkin.

Kinokartina Muqimiy yashagan davr, Qo‘qon adabiy muhiti, erkka talpingan ijod va chirkin jamiyat atmosferasini kichik bir detalgacha izchillik bilan yoritib bera olgan. Uzviy kompozitsion qurilish hamda syujetga monand musiqiy ritm xar qanday tomoshabinda filmga nisbatan qiziqish uyg‘ota oladi.

Kartinada milliy urf-odatlarimizning go‘zal namunalari hamda xalqona kuylarimizdan foydalanilganligi film ta’siriy kuchini oshishiga sabab bo‘lgan.

Film ssenariy muallifi Rustam Jabborov, postanovkachi rejissyor Fotih Jalolov, postanovkachi operator Muzaffar Yusupov, postanovkachi rassom Alisher Umrzoqov, liboslar bo‘yicha rassom Anastasiya Reym, kompozitor Toir Qo‘ziyev, kartina direktori Shahnoza Sirojiddinova.

Filmda aktyor va aktrisalarimizdan Ulug‘bek Rustamov, Egamberdi Rahimov, Adiz Rajabov, Bobur Yo‘ldoshev, Ma’rifat Ortiqova, Gulruh Pirnazarova kabi iste’dod egalarining yorqin ijrolarini ko‘rishimiz mumkin.

Ayni damda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan namoyishi kutilayotgan mazkur film milliy ohanglar va qadriyatlarimizni sevuvchi tomoshabinlarimiz uchun munosib tuhfa bo‘lishiga ishonamiz!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring