Mundial-98 g‘olibi Kristian Karambyo O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishiga umid bildirdi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi «Coca Cola» kompaniyasi bilan hamkorlikda «FIFA World Cup Trophy Tour» doirasida jahon futbolining bosh mukofoti birinchi marta Toshkentga olib kelindi.
Poytaxtimizdagi «HYATT REGENCY» mehmonxonasida JCh kubogi delegatsiyasi a’zolari bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda JCh-98 g‘olibi fransiyalik futbolchi Kristian Karambyo, «Coca-Cola» kompaniyasining Turkiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘yicha prezidenti Yevgeniya Stoichkova, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov qatnashdi.
Umid Ahmadjonov JCh kubogining yurtimizga kelishi tarixiy voqea ekanligini ta’kidlar ekan, kelgusida bu kubokni O‘zbekistonga FIFA vakillari emas, futbolchilarimiz olib kelishiga umid bildirishini aytib o‘tdi.

JCh-98 g‘olibi, FIFA elchisi Kristian Karambyo esa, so‘ngi paytlarda O‘zbekistonda futbol sezilarli tarzda o‘sishga erishgani, buni Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining g‘alaba qozonganidan ham bilish mumkinligini ta’kidladi.
«O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo chempionatidagi o‘yinlari juda chiroyli bo‘ldi. Terma jamoangiz tarkibida yaxshi hujumchilar, yaxshi futbolchilar borligini ko‘rdim. Bu futbolchilar kelgusida milliy terma jamoa tarkibida jahon chempionatlarida ishtirok etishiga tilakdoshman», deb aytib o‘tdi Karambyo.
«Coca-Cola» kompaniyasining Turkiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘yicha prezidenti Yevgeniya Stoichkova esa quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi: «Bu yil Coca-Cola kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganiga 25 yil bo‘ladi. Ana shu muhim yubileyda mamlakatga futbol bo‘yicha jahon chempionati kubogi tashrifini tuhfa qilish imkonyati biz uchun ramziy ma’noga ega. Men mazkur aksiyani qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etaman».

Shundan so‘ng JCh Kubogi yig‘ilganlarga namoyish etildi. Mundial kubogi – dunyo birinchiligi g‘oliblariga topshiriladigan, ammo FIFA ixtiyorida qoladigan asosiy sovrin. U sof oltindan yasalgan bo‘lib, vazni 6,142 kgni tashkil qiladi. Uning kompozitsiyasida yer sharini qo‘llari bilan ko‘tarib turgan ikki inson aks ettirilgan. Rasmiy kubok 1974 yildan beri mana shunday shaklga ega.
FIFA qoidalariga ko‘ra, dunyodagi eng mashhur va qimmatli sport ramzlaridan birini faqat turnir g‘oliblari va davlat rahbarlari ushlashi mumkin. Kubok hech kimga butunlay berib yuborilmaydi. Uni qo‘lga kiritgan g‘olib jamoa afsonaviy kubokni keyingi mundialgacha o‘zida saqlaydi. Keyin esa uning oltin suvi yuritilgan nusxasini qabul qilib oladi.
Aynan shuning uchun ham noyob, yagona sanalgan mukofotni ko‘rishdek imkoniyatni – «Coca-Cola» kompaniyasi «FIFA World Cup Trophy Tour» doirasida barcha futbol muxlislariga taqdim etmoqda. Futbol ishqibozlari ana shu imkoniyatdan bajonidil foydalanishadi, axir boshqa payt bosh sovrinni faqat FIFAning Syurixdagi jahon futboli muzeyida ko‘rish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter