Muloqot odobi qayerda qoldi?
Inson hayotini muloqotsiz tasavvur etish qiyin. O‘zaro rishtalar, qarindoshlarning samimiyatga to‘la muloqotlari o‘z yo‘liga. Ammo ko‘pchilik davlat tashkilotlarida rasmiy shaxslar bilan qanday muomala qilish, muloqot odobi to‘g‘risida yetarlicha tasavvurga ega emas.
Aslida, rasmiy muloqot aksariyat odamlarning hayotida muhim ahamiyatga ega. Chunki istalgan fuqaroning rasmiy idoralarga ishi tushadi. Xo‘sh, rasmiy muloqot ko‘nikmasini egallash uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Rasmiy muloqot hamisha hamkorlik, bir-birini tushunish, suhbatdoshlari manfaatini hisobga olishni talab etadi. Rasmiy muloqotning eng asosiy xususiyati muntazam ravishda reglamentga amal qilish bilan bog‘liq.
Rasmiy muloqotning yozilgan va yozilmagan qoidalari mavjud. Bu qoidalar majmui rasmiy etika deyiladi. Rasmiy etika tarkibiga salomlashish, o‘zini va hamrohini tanishtirish, taqdimot jarayonida o‘zini qanday tutish, belgilangan vaqtda ma’ruzani tamomlash, tashrif qog‘ozidan foydalanish, rasmiy yozishmalar, ish yuzasidan esdalik sovg‘alarini qanday berish va qabul qilish qoidalari kabilar kiradi.
Rasmiy etikada insonning tashqi ko‘rinishi, kiyinishi, suhbatlashish uslubi, hissiyotlarini boshqarish qobiliyatiga alohida e’tibor beriladi. Masalan, rasmiy uchrashuvga sport kiyimida kelish muloqotga yuzaki yondashganlikni bildirsa, o‘zidan yosh va maqomi jihatidan katta odam oldida baralla kulish, baland yoki eshitilmaydigan darajada past ovozda gapirish bepisandlik sifatida baholanadi.
Rasmiy etika qoidalarini yaxshi biluvchi kishi noqulay vaziyatga tushmaydi, gap-so‘zga qolmaydi.
Rasmiy muloqotda o‘ylanmagan yoki bahstalab fikrlar ishlatilishi, jargon, argo, shevaga oid so‘zlar, professionalizmlar qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Muloqot doirasida qo‘llanayotgan tilga oid bilimlarga egalik ham rasmiy etika talablaridandir.
Rasmiy etika, shuningdek, muayyan muloqot jarayonida belgilangan nutqiy qoliplardan foydalanishni talab etadi. Tanishuv jarayonida quyidagicha ifodalarni ishlatish maqsadga muvofiqdir:
- Ruxsatingiz bilan o‘zimni tanishtirsam...
- Marhamat, tanishing, bu kishi...
- Juda yaxshi/ma’qul.
- Tanishganimdan xursandman/baxtiyorman.
- Yuzingiz juda tanish, menimcha, avval ham uchrashganmiz.
Bu kabi jumlalarni yana davom ettirish mumkin, ammo doim so‘zingiz orqali ifodalayotgan ma’no mo‘’tadil bo‘lishini nazorat qiling. Shuningdek, mazkur ifodalarni qo‘llashda yuz ifodasi, ovoz ohangi, suhbatdoshning ijtimoiy maqomini hisobga olish shart.
Salomlashishning taktil turi milliy an’analarga ko‘ra farqlanadi. Rasmiy muloqot qoidalariga binoan AQShda suhbatdoshlar o‘zini tanishtirishi va qo‘lni qattiq siqishlari lozim. Buyuk Britaniyada esa qo‘lni yengil siqish kerak; shundan so‘ng biroz uzoqlashish zarur. Braziliyada qattiq va davomli qo‘l siqish ko‘z qarashi bilan birga kechadi. Xitoyda ko‘p narsa suhbatdoshlarning yoshiga bog‘liq. Yoshi katta inson bilan birinchi salomlashish kerak: yengil qo‘l siqish va yengil ta’zim, ko‘zga qaramaslik shart. Turkiyada qo‘lni qattiq siqish qo‘pollik sifatida qabul qilinadi, shuning uchun u yengil va davomiy bo‘lishi lozim. Taylandda esa qo‘l berib ko‘rishilmaydi. Sizga qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim bilan salom berishadi.
Rasmiy etikada ayrim millatlarga xos nutqiy talablar ham mavjud. O‘zbekona nutq odobiga ko‘ra, o‘lim yoki kasallik bilan bog‘liq so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatish mumkin emas. Shu kabi misollar boshqa millatlarda ham uchraydi. Vsevolod Ovchinnikovning «Sakura novdasi» kitobida yapon madaniyati haqida quyidagi satrlarni o‘qiymiz:
«Suhbat jarayonida odamlar «yo‘q», «qilolmayman», «bilmayman» kabi so‘zlarni ishlatishdan qochadi, chunki bu ifodalar haqoratga qiyoslanadi. Ularning mazmunini berish uchun ishora, sha’mali so‘zlardan foydalanishadi. Hatto ikkinchi piyoladagi choyni rad etish uchun ishlatiladigan «yo‘q, rahmat» jumlasi o‘rniga «shunisi ham juda yoqimli bo‘ldi» ma’nosidagi ifodani qo‘llashadi.
Agar tokiolik tanishingiz sizga «Taklifingizga javob berishdan avval rafiqam bilan maslahatlashishim lozim» degan javobni bersa, uni ayollar tenghuquqliligi tarafdori deb o‘ylamang. Bu bor-yo‘g‘i «yo‘q» degan keskin javobdan qochish usuli xolos.
Misol uchun, siz yaponiyalik hamkoringizga qo‘ng‘iroq qildingiz va u bilan soat oltida, press-klubda uchrashmoqchiligingizni aytdingiz. U «Aaa, oltida? Aaa, press-klubda?» deya tushuniksiz tovushda javob qaytarishga o‘tdimi, «Agar sizga noqulay bo‘lsa, boshqa vaqt va joyda suhbatlashishimiz mumkin...» deya uni noqulay vaziyatdan qutqaring».
Rasmiy muloqot shakllarining muayyan vaqtda tugallanishi reglamentga amal qilish hisoblanadi va u rasmiy etikaning yana bir muhim talablaridandir. Chunki ishbilarmon va tarbiyali kishilar o‘zining ham, birovning ham vaqtini behuda sarflash noto‘g‘ri ish ekanligini yaxshi bilishadi, kunning har soati, daqiqasini avvaldan rejalashtirishadi.
Dildora Rahmonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter