Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mubashshir Ahmad: «Qur’onni aziz bilgan yurtda qorilarni xo‘rlash qanchalar to‘g‘ri?»

Mubashshir Ahmad: «Qur’onni aziz bilgan yurtda qorilarni xo‘rlash qanchalar to‘g‘ri?»

Mubashshir Ahmad

«Sevimli» telekanalida efirda ketgan Kattaqo‘rg‘onda noqonuniy diniy ta’lim bergan fuqaroning qilmishi fosh etilganiga oid lavha ijtimoiy tarmoqlarda navbatdagi muhokamani keltirib chiqardi. 

Xonadondan bir nechta arabiy yozuvda kitob topilganini (hali ular qanday manba ekani ma’lum emas)  «qilmish uchun katta dalil» tariqasida talqin qilinib, suddan avvaloq «hukm o‘qib» qo‘yilgan lavha bo‘yicha olim va noshir Mubashshir Ahmad bosiq va kesin munosabat bildirdi. U shunday yozadi:

«...Samarqandda Qur’on yodlatayotgan hujra fosh qilinibdi. Bu xabar axborot vositalarida jinoyat deya talqin qilinishiga ko‘nikib ham ketdik.

Ozgina insof va adolat bilan mulohaza qilaylik. Oldin ham, shu kunlarda ham, koronavirus yo boshqa xastalikdan o‘lsak, qabrimiz ustida Qur’on o‘qiladi. Kasal bo‘lgan yo boshiga ish tushgan kattakonlar o‘zlariga dam soldirgani, chilyosin qildirgani qorilarni chaqirtirishadi. Nikoh to‘yidan oldin Qur’on xatm qilib yuboriladi. Turli marosimlarimiz Qur’on tilovatisiz o‘tmaydi. Qur’on qiroat qilish diniy marosimlikdan ko‘ra milliy urf-odatimizga aylanib bo‘lgan. Shu darajadaki, Qur’oni karim yozilgan qog‘oz yo boshqa ashyoni ko‘zimizga surtib hurmat qilamiz.

Agar qonunlarimiz Qur’on o‘qishni «norasmiy diniy ta’lim», deya talqin qilayotgan bo‘lsa, uni biroz o‘zgartirish yo boshqacha talqin qilish nahot mumkin emas?! Axir Qur’on yozilgan qog‘ozni ehtirom qilayotgan biz, shunday ekan, ichi Qur’onga to‘la qorini va shogirdlarini shunchalar tahqirlashimiz to‘g‘rimi?!

Xuddi shu modda bilan o‘zim sudlanganman.

Sudda sudya: «Yuqori tashkilotdan ruxsat olmay, norasmiy diniy ta’lim bergan», iborasini ishlatgan edi. Shunda men: «Demak, qonunga ko‘ra, men masalan, Diniy idoradan ruxsat olishim mumkin ekan-da», deganimda u: «Aniqlash kerak», degandi. Qonunning aynan shu moddasidan foydalanib, balki Qur’on yodlash kurslarini litsenziyalash mumkin bo‘lar? Oldin Qur’on kurslari ochilgan-ku, demang (ular hozir ishlayotgan yo ishlamayotganidan xabarim yo‘q). Chunki ular namoz o‘qishga imkon berar darajada Qur’onning kichik suralarini ta’lim beradigan kurslar bo‘lgan, xolos. Qo‘lga olinayotgan hujralarda esa, Qur’oni karimni to‘liq yodlatiladi. Demak, bu boshqa mavzu.

Allohning sinovi bo‘layotgan bu og‘ir kunlarda, Qur’oni karimni ehtirom qilish, bu aziz Kitob ta’limotlariga amal qilish o‘rniga, ahli Qur’onni xo‘rlashimiz va sudlashimiz qay bir tushunchada to‘g‘ri hisoblanadi?!»

«...Ozgina fikr qilib, bu xatoyimizni to‘g‘irlash vaqti keldi! Muqaddas Kitobimiz Sohibi — Alloh taoloning g‘azabi namoyon bo‘layotgan bu onlarda, Uni rozi qiladigan savobli ishlarni amalga oshirish vaqti keldi! Ustimizdagi balolarga qarshi kurashayotgan ekanmiz, bu balolarning Egasi va Joriy qiluvchisi — Allohning qahrini keltirishni to‘xtatish onlari keldi! Balki aksiga harakat qilib, Uni rozi qiladigan ishlarni amalga oshirish zamoni keldi.

Agar Uni rozi qilsak, bu balolar ustimizdan arishiga sabab bo‘ladi, inshaalloh! Ahli Qur’onning tilovatlari barakotidan musibatlarimiz ko‘tariladi, yurtimizga fayzu-futuhotlar yog‘adi. Faqat mas’ullardan bu gaplarga beparvo bo‘lmasliklarini so‘rayman. Chunki insoniyatning kelajagi hal bo‘layotgan kunlarda yashayapmiz», deydi Mubashshir Ahmad.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring