Mualliflik huquqini buzgan qo‘shiqchilar reytingi e’lon qilindi
Mualliflik huquqini buzgan san’atkorlar reytingi (tovon puli miqdoriga ko‘ra) e’lon qilindi.
5-o‘rin. Jaloliddin Ahmadaliyev shoir Behzod Fazliddinga tegishli «Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim» to‘plamiga kirgan «Balosiz – go‘yoki g‘amimni yeysiz» deb boshlanuvchi she’ridan muallifning ruxsatisiz foydalangan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qaroriga ko‘ra, xonanda Ahmadaliyevga jami 26 mln. so‘m tovon pulini shoirga to‘lab berish va «Ayyor do‘stlarim» nomli qo‘shiqni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlash majburiyati yuklatilgan.
4-o‘rin. Doston Ergashov qo‘shiqchi O‘ktam Aliyevga tegishli «O‘ylamadim» qo‘shig‘idan huquq egasining ruxsatisiz foydalangan. Uzoq muddatli kelishmovchiliklardan so‘ng ushbu san’at vakillari o‘zaro kelishuvga erishgan va O‘ktam Aliyev Doston Ergashovga nisbatan 500 mln so‘m miqdoridagi moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan sudga kiritgan arizasini qaytarib olgan.
3-o‘rin. Sanjay (Sanjar Javberdiyev) shoir Usmon Azimga tegishli «Karvon» she’ridan noqonuniy foydalanganligi uchun shoir Usmon Azim foydasiga 90 mln so‘mdan ortiq tovon puli undirilishi haqida sudning qarori chiqqan.
2-o‘rin. «Farhod va Shirin» juftligi shoir Bobur Bobomurodning she’riy asarlariga nisbatan mualliflik huquqlari buzilganligi yuzasidan sud ishi ko‘rilgan va shoir hisobiga 130 mln so‘m tovon puli undirish haqidagi sud qarori chiqqan.
1-o‘rin. Yulduz Usmonova shoir Yo‘lchi Ro‘ziyevga tegishli bo‘lgan «Xasta bo‘lma» she’rini huquq egasining ruxsatisiz noqonuniy foydalanilganligi sababli sudning qaroriga ko‘ra Yo‘lchi Ro‘ziyev foydasiga 185 mln so‘m undirish belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter