Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moskvada hayit namozi bo‘yicha cheklov o‘rnatilishi aytilmoqda

Moskvada hayit namozi bo‘yicha cheklov o‘rnatilishi aytilmoqda

O‘tgan yil Ramazon hayiti namozi Moskvada 400 ming musulmon ishtirokida ado etilgan.

Foto: «Moskovskiy komsomolets»

Moskva shahri ma’muriyati musulmonlarga Iyd ul-Fitr – Ramazon hayiti namozini «uy sharoitida» ado etish bo‘yicha tavsiya yo‘lladi.

Telegramdagi «Ostorojno, novosti» kanali Moskva hukumati Milliy siyosat va mintaqalararo aloqalar departamenti tomonidan poytaxt prefekturalariga (hududiy ijro organlari) yo‘llangan xatni chop etdi.

2 aprel kuni imzolangan xatda hayit namozi masjidlardan onlayn-translyasiya qilinishi qayd etiladi  va musulmonlarga namozni uy sharoitida ado etish tavsiya qilinadi. Hududiy boshqaruv idoralariga musulmonlar ishlaydigan korxona va tashkilotlarda bu yilgi Ramazon hayitining o‘ziga xosligi va cheklovi borasida tushuntirish olib borish, xususan, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga alohida e’tibor qaratish lozimligi uqtirilgan.

Milliy siyosat va mintaqalararo aloqalar departamenti matbuot xizmati cheklov «Krokus citi holl»dagi teraktga aloqador ekanini istisno etmagan.

Moskva nashrlari poytaxt ma’muriyati hayit kuni provokatsiyalardan xavotirlanayotgani haqida yozgan. Ayni choqda, hozircha «tavsiya» deb atalayotgan cheklov amalda qanday qo‘llanishi savol ostida qolmoqda.

O‘tgan yili Ramazon hayiti namozi Moskvadagi to‘rtta jome masjid, «Sokolniki» xiyoboni hamda Texnik sport turlari markazida 400 ming musulmon ishtirokida ado etilgan.

Bu yilgi Ramazon hayiti 10 aprelga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, ikki hayit namozi yolg‘iz holda emas, balki jamoat bilan birga ado etilishi lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring