Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlarining huquqiy bilimlari oshirildi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlarining huquqiy bilimlari oshirildi

Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida huquqiy maslahat kurslarini tashkil etishda davom etmoqda.

Shu kungacha o‘quv kurslari Mudofaa, Maktabgacha ta’lim, Investitsiyalar va tashqi savdo, Qishloq xo‘jaligi va boshqa 10 dan ortiq vazirlik hamda idoralarda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ushbu kurslardan maqsad davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, sohaga doir qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ularga batafsil tushuntirishdan iboratdir.

Kurslar «respublika – viloyat – tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha tashkil etib kelinmoqda.

Bugun, 20-sentyabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv kursi ham odatdagidek 5 ta yo‘nalish (modul) bo‘yicha o‘tkazildi. Xodimlarga Konstitutsiya va inson huquqlari, mehnat qonunchiligi normalari, murojaatlar bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi kurash hamda soha faoliyatiga oid qonunchilik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Mashg‘ulotlar sodda va tushunarli tilda, turli innovatsion usullardan foydalangan holda tashkil etildi.

O‘quv kursida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, Toshkent davlat Yuridik universiteti professor o‘qituvchilari, Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Huquqiy siyosat tadqiqot institutining malakali xodimlari ishtirok etishdi.

O‘quv mashg‘uloti davomida faqat huquqiy ma’lumotlar berish bilan cheklanilmasdan, xodimlarning qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasi o‘rganilib, ularni qiziqtirgan 30 dan ortiq savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring