Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moliya bozorida monopol narxlar qanday aniqlanadi

Moliya bozorida monopol narxlar qanday aniqlanadi

Foto: Xabar.uz

Vazirlar Mahkamasining «Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash tug‘risida»gi 256-son qarori qabul qilindi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.

Hujjat bilan Iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish uchun oldindan rozilik olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etishda;
  • shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan respublikada ro‘yxatga olingan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25%dan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda;
  • shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan MChJning yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning 1/3 qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda.

Iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi quyidagi shartlardan biri mavjud bo‘lganda olinadi:

  • agar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa;
  • agar bitimlar ishtirokchilari aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari mikdoridan ortiq bo‘lsa.

 Oldindan rozilik olish uchun shaxs yoki shaxslar guruhi ariza bilan monopoliyaga qarshi kurashish organiga murojaat etishi lozim. Arizalar davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi. Tushumlarning 0,05%, lekin BHMning 7 baravaridan kam bo‘lmagan va 1000 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda yig‘im undiriladi.

 Hujjat bilan Xizmatlarning moliya bozorida monopol yuqori va monopol past narxlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

 Agar ish xizmatlari uning o‘rnini bosuvchi ish xizmatlari uchun belgilangan narxlarning o‘rtacha qiymatidan 10%dan ziyodga oshsa, monopol yuqori narx deb hisoblanadi.

 Xizmatlarning monopol past narxi xizmat ko‘rsatish uchun zarur xarajatlar qiymatini qoplamaydigan va foyda olishni ko‘zda tutmaydigan narx hisoblanadi.

 Monopol yuqori yoki monopol past narx aniqlanganda monopoliyaga qarshi kurashish organi ushbu holatlarni bartaraf etish haqida qaror qabul qiladi.

 Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.05.2024 yildan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring