Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mobiuz 2023 yilda 5750 dan ortiq tayanch stansiyalarini ishga tushirdi

Mobiuz 2023 yilda 5750 dan ortiq tayanch stansiyalarini ishga tushirdi

Shu va boshqa bir qator omillar tufayli Mobiuz abonentlari bir yil ichida internetdan 88,8 foizga ko‘proq foydalana boshladilar.

Mobiuz mobil operatori o‘z faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash doirasida rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha qator materiallarni chop etmoqda. Birinchi material texnik rivojlanish masalalarini qamrab oladi.

Mobiuz mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirishga yildan yilga ko‘proq sarmoya kiritmoqda. Oxirgi ikki yilda kompaniya investitsiyalari hajmi 106,3 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu mablag‘larning barchasi operatorni texnik jihozlash, yangi uskunalarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalar va dasturiy ta’minotni joriy etishga yo‘naltirilgan.

2023 yil natijalari bo‘yicha kompaniya tayanch stansiyalarini ishga tushirishda o‘zining rekordini yangiladi. Yil davomida 5750 dan ortiq yangi va modernizatsiya qilingan tayanch stansiyalari efirga ulandi. E’tiborlisi, O‘zbekiston bo‘ylab 938 ta yangi joyda operatorning texnik vositalari o‘rnatilib, turli standartlardagi tayanch stansiyalari ishga tushirildi.

O‘tgan yili eng ko‘p yangi ishga tushirilgan va modernizatsiya qilingan tayanch stansiyalari Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Bu shu hududlarda LTE TDD (Time-division duplexing) texnologiyasini joriy etish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bilan ham bog‘liq. Ushbu loyiha chastota diapazonidan samaraliroq foydalanish va yuqori sifatli signallarni taqdim etish imkonini berdi.

Mobiuz birinchi bo‘lib LTE 2100 standartini to‘rtinchi avlod tarmoqlarida qo‘llashni boshladi va uni 1500 dan ortiq maydonchalarda ommaviy ishga tushirdi. Shu bilan birga, kompaniya LTE 800, LTE 1800, LTE 2600 standartlarini qo‘llab kelmoqda va ulardan foydalangan holda 4G+ xizmatini ham taqdim etmoqda.

Mobiuz birinchi bo‘lib O‘zbekiston bo‘yicha VoLTE (to‘rtinchi avlod tarmoqlarida ovozli qo‘ng‘iroqlar) va ViLTE (to‘rtinchi avlod tarmoqlarida videoqo‘ng‘iroqlar) texnologiyalarini ishga tushirdi. Hozirda ushbu xizmatlardan yuz minglab abonentlar foydalanmoqda.

Texnik vositalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida akkumulyatorlar, dizel va benzin generatorlari xarid qilinib, o‘rnatildi. Ovozli va internet-trafik o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida transport tarmog‘ining imkoniyatlari kengaytirildi. Yangi texnologik yechimlar qo‘llanila boshlandi.

Natijada, 2023-yil oxiriga kelib, Mobiuz abonentlari 2022 yilga nisbatan 88,8 foizga ko‘proq internet-trafik ishlatdi. Aynan 4G tarmoqlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich 120 foizga oshgan.

Mobiuz rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha keyingi materiallar yaqin kunlarda pr.mobi.uz  saytida e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring