Mobil qurilmalarni bepul ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshiling! Bu xizmat 1-dekabrdan pullik bo‘ladi (foto+video)
Bugun, 20-sentyabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida «UZIMEI yagona ma’lumotlar bazasida mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi, «O‘zbektelekom» AK, mobil aloqa operatorlari, mahalliy mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilari va importchilari, «O‘TTBRM» DUK mutaxassislari ishtirok etdilar.
Tadbirda mutaxassislar «UZIMEI» loyihasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi.
Mamlakatimizda zamonaviy servislarni joriy etish, shuningdek, mobil aloqa moduli bilan mahalliy mobil telefonlar va qurilmalarni xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish munosabati bilan AKT vazirligi mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Yodingizda bo‘lsa...
2019 yilning 1 aprelidan boshlab respublikamizda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan edi.
Buni o‘qing: Oson va bepul. O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish 1 apreldan boshlanadi
Bugungi kunga qadar UZIMEI-yagona ma’lumotlar bazasida GSM standartidagi (hozircha CDMA standartidagi qurilmalarning IMEI-kodlari ro‘yxatga olinmaydi) 30 millionga yaqin mobil qurilmalar ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan qariyb 500 mingtasi xatoli IMEI-kodlarga egaligi aniqlangan.
Yaqinda esa, hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Loyiha qanday imkoniyatlar beradi?
Tadbirda qayd etilganidek, UZIMEI loyihasini joriy etish quyidagi imkoniyatlarni yaratib beradi:
- Mobil qurilmalar o‘g‘irlanishi va noqonuniy foydalanilishining oldi olinadi (mutaxassislar tili bilan aytganda, bundan keyin telefon o‘g‘irlashdan ma’ni yo‘q, u o‘g‘irlanganida oddiy «g‘isht»ga aylanadi);
- GSMA-xalqaro standartlariga javob bermaydigan va inson salomatligiga zarar yetkazadigan sifatsiz mobil qurilmalarning sotuvi oldi olinadi;
- O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhiti shakllantiriladi;
- Ichki bozor soxta mobil qurilmalarni olib kirish va sotishdan himoya qilinadi.
Video
Matbuot anjumanida mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va usullari haqida videotaqdimot o‘tkazildi.
Ushbu videoroliklar tizim haqida sizga aniq tushuncha beradi.
UZIMEI tizimi va IMEI-kodini aniqlash usuli
UZIMEI loyihasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan tizim mobil qurilmaning IMEI-kodining holatini tekshirish va sotib olishdan oldin noma’lum, klonlangan, yo‘qolgan va o‘g‘irlangan mobil qurilmani o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.
Buning uchun IMEI-kodini SMS/US SD so‘rovlari hamda UZIMEI rasmiy veb-saytida (www.uzimei.uz) yoki 1170 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib tekshirish mumkin.
Diqqat! Avvaliga bepul, keyin pulli...
UZIMEI loyihasi mutaxassislari ma’lum qilishicha, 2019-yil 1-noyabrdan boshlab mobil qurilmalar IMEI-kodlarini bepul ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tizim operatoriga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, 1-noyabrdan boshlab:
- Pochta aloqa bo‘limlarida;
- SMS va USDD so‘rovlar orqali;
- UZIMEI tizimi operatori;
- O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida rouming xizmatida ishlaydigan mobil qurilmalar uchun ro‘yxatdan o‘tish majburiy emas. Norezidentlarga birinchi tarmoq foydalanishidan boshlab 30 kalendar kun mobaynida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish uchun ruxsat beriladi.
IMEI-kodlarini noyabr oyida bepul ro‘yxatdan o‘tkazishga ulgurmaganlarning mobil qurilmalari tizim operatori tomonidan 2019-yil 1-dekabrdan boshlab to‘lov orqali ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanadi. Bunda qurilmadan tarmoqda foydalanishni boshlaganiga 30 kundan oshmagan foydalanuvchilar (jismoniy shaxslar) bazaviy hisoblash miqdori (BHM, hozirda 223 000 so‘m)ning 20 foizi, tarmoqda foydalanishni boshlaganiga 30 kundan oshganlar esa BHMning 25 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshiradilar.
Shuningdek, O‘zbekiston hududiga mobil qurilmalarni olib kiruvchi importyorlar 1-dekabrdan BHMning 20 foizi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa BHMning 10 foizi miqdorida bitta IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘lov qiladi.
Shu o‘rinda eslatma! Ikki SIM-kartali mobil qurilmalarning har bir sloti alohida IMEI-kodga ega va ularning har birini ro‘yxatdan o‘tkazish lozim bo‘ladi.
Endi mobil qurilmalar narxi qimmatlashadimi?
Tabiiyki, ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi: ushbu tizimning ishga tushirilishi mobil qurilmalar narxini qimmatlashtirmaydimi? Chunki xorijdan yashirin yo‘llar bilan qurilmalarning olib kirilishi qiyinlashadi, qolaversa, 1-dekabrdan boshlab importyorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘lov joriy etiladi...
Mutaxassislar fikricha, ichki bozorning soxta mobil qurilmalaridan tozalanishi hisobiga narxlarda biroz o‘sish kuzatilishi ham mumkin. Biroq sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilishi hisobiga narxlarning keskin ko‘tarilishi o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi. Qolaversa, tadbirda ishtirok etgan ayrim importyor va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tizimning yo‘lga qo‘yilishi bilan narxlar oshirilmasligini bildirishdi...
Tavsiya!
Mutaxassislar shu yilning 1-noyabr sanasiga qadar mobil qurilmalardagi barcha SIM-slotlarni faollashtirishni; mobil qurilmani xarid qilishdan oldin IMEI-kod statusini tekshirishni; smartfon xarid qilishda sotuvchidan qurilmaning hujjatlarini talab qilishni tavsiya qilishadi. Shunda ham vaqtdan, ham naqddan yutgan bo‘lasiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter