Misr hukumati O‘zbekistonga gepatit C virusiga qarshi dori vositalarini jo‘natdi
Bugun, 9-sentyabr kuni Misr Arab Respublikasining O‘zbekistonga beg‘araz yordami – gepatit C virusiga qarshi dori vositalarining qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sanepidxizmat Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, beg‘araz yordam sifatida yuborilgan gepatit C virusiga qarshi umumiy qiymati 302 ming AQSh dollariga teng 15 ming dona «Sofosbuvir» va 15 ming dona «Daklatasvir» (jami 30 ming dona) dorilar Respublikamizda skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning «C» turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatiladi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda. 2020-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 350 mingdan ortiq bemor gepatit C asoratlari tufayli vafot etadi. Butunjahon gepatit alyansining 2021-yil iyuldagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi.
2022-yil 16-maydagi «Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarorida ham virusli gepatitlarning «B» va «C» turlarini erta aniqlash va ularning profilaktikasigi oid chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Ushbu kasallikni erta aniqlash borasida ayni vaqtda ham respublika bo‘ylab oilaviy poliklinikalarda bepul skrining jarayonlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter