Mirziyoyevning Ozarbayjon va Turkmaniston yetakchilari bilan ham uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi
Shavkat Mirziyoyev IHT sammitining asosiy tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muntazam o‘tkazib kelinayotgan oliy darajadagi muloqotlarda erishilgan kelishuvlarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda, avtomobil, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoatida, energetika tarmog‘ida, qishloq xo‘jaligi, logistika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari amaliy hamkorlik dastur va loyihalarini ilgari surish borasida birgalikdagi ishlarni jadal davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning ayni paytda Toshkentda bo‘lib turgan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida Turkmaniston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari hamda oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi batafsil ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va chuqurlashgan strategik sheriklik izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Savdo, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi, transport va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik kengaymoqda.
Hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalar faol. Joriy yil oktyabr oyida Turkmaniston va O‘zbekiston madaniyat kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ikki mamlakat Prezidentlari mintaqaviy kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter