Mirziyoyev va Qatar amiri muhim masalalar bo‘yicha muloqot qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlar ijrosini jadallashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Telefon muloqoti avvalida davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lmish Qurbon hayiti – Iyd al-Adho bilan bir-birini dildan qutlab, ikki mamlakat xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va barqaror taraqqiyot tiladilar.
Samarqandda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqqani va aniq mazmun bilan boyitgani haqida yakdil fikr bildirildi.
Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda qabul qilingan qo‘shma qarorlar ijrosining borishini ko‘rib chiqdilar. “Yashil” energetika, moliya, infratuzilma, transport va logistika, qurilish va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter