Mirziyoyev Farg‘onadagi aholi turmush sharoiti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi Yuksalish mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi.
Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bu mahallada 3 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. 560 dan ortiq xonadonning barchasida tomorqa, o‘ndan ortiq issiqxona bor. Ulardan omilkorlik bilan foydalanib, ikki martalab hosil olinmoqda.
Yana ba’zi oilalar yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kashtachilik bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda mahallada tadbirkorlik sub’yektlari soni yigirmatadan oshdi. Maktab, bog‘cha va poliklinika bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band.
O‘tgan yili 131 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 ta loyihaga 240 million so‘m kredit ajratilgan.
Davlatimiz rahbari mahalladagi “Gulnora Matqulobod bodomlari” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Bag‘dodda bodom yaxshi o‘sadi. Korxona 11 ta mahalladagi 500 dan ortiq xonadonlarga bodom tarqatib, sotuvga tayyorlatadi. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot qayta ishlanadi. Hozirda po‘sti yumshatilgan mazali bodomlar poytaxtimiz va viloyatlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayol endi uni eksport qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
Prezidentimiz tadbirkor va kasanachi ayollar bilan samimiy suhbatlashdi. Tashabbuskorligi va mehnatsevarligi, islohotlarga kamarbasta bo‘lib, xotin-qizlarni ishli qilayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.
Mahalla budjetida 83 million so‘m bor. Ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Mahalla markazida huquq-tartibot idorasi, chiqindi yig‘ish punkti barpo etilgan.
Shu yil 25 iyun kuni davlatimiz rahbari huzurida o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda servis kompaniyasi tashkil qilish choralari belgilangan edi. Shu asosida bu yerda ham “Yuksalish ” mahalla-servis kompaniyasi tashkil etildi.
Servis kompaniyasi Bag‘dod tumanidagi 5 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadi. 24 soatlik ish yo‘lga qo‘yilgan. 22 nafar ishchi, o‘nga yaqin yuk tashish va maxsus transportlar, ta’mirlash anjomlari el xizmatida.
To‘lovlarni undirishda “Mening uyim” elektron dasturidan foydalaniladi. Uning idorasi hovlisida hunarmandlar uchun ham sharoit yaratilgan.
Bu tajribani kengaytirib, mahallalarni obod qilish, bandlik va ozodalikka alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter