Mirziyoyev Erdo‘g‘onni Turkiya Respublikasining 100 yilligi munosabati bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika e’lon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Turkiya yetakchisiga yo‘llangan maktubda ikki xalq o‘rtasidagi umumiy til, mushtarak urf-odatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari so‘nggi yillarda sifat jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro munosabatlardagi yangi tarixiy davrni boshlab bergani katta mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
«Nasib etsa, Siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini ta’minlash yo‘lida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni to‘liq amalga oshiramiz hamda ko‘zlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz», – deyiladi qutlovda.
Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va oila a’zolariga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor bo‘lishini tilagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter