Mirziyoyev: 900 ming gektardan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmagan
Yer hisobini yuritish va kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalariga doir videoselektor yig‘ilishida Prezident Mirziyoyev sohada kuzatilayotgan kamchiliklar va ularning oqibatlari haqida to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda sohani raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrdan o‘tkazildi. Qolgan muammoli yerlarni ham to‘liq kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, qishloq xo‘jaligi yerlarida aerosuratga oladigan zamonaviy samolyot va laboratoriyalar olib berilgan.
Yig‘ilishda Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to‘liq yakuniga yetkazish topshirildi.
Aerosuratlar asosida qishloq yerlarini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Shuningdek, selektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligida 286 ming gektar yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar to‘liq emasligi, 159 ming gektar yerning hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qilishi hamda avvalgi davrlarda doimiy foydalanish uchun ajratilgan 460 ming gektar yerning huquqiy maqomi aniq emasligi qayd etildi.
«Oqibatda jami 900 ming gektardan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmasdan turibdi. Kadastri yo‘qligi sababli takroriy ekinlar uchun bu yerlarni rasman ikkilamchi ijaraga berish imkoni bo‘lmayapti.
Bularni oqibatida kamida 300 ming ish o‘rni, takroriy ekindan olinayotgan mahsulot hamda norasmiy ijaraning hisobi yuritilmayapti», – dedi davlat rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter