Mirishkor hokimining «yangi qahramonligi» avvalgisiga qo‘shib o‘rganilmoqda
Hafta avval Qashqardaryo viloyati Mirishkor tuman hokimi Ravshan Komilovning daladan bir necha dona makkajo‘xorini olib ketmoqchi bo‘lgan fuqaroni nabiralari oldida qattiq izza qilayotgani videosi tarqalgandi.
Keng jamoatchilik tomonidan amaldorning bunday xatti-harakatlari qattiq qoralanishi ortidan R. Komilov ijtimoiy sayt orqali uzr so‘rashga majbur bo‘lgandi. Shu jarayonda Bosh prokuratura hokimning «izquvarligi» o‘rganilib, uning xatti-harakatiga huquqiy baho berilishini ma’lum qilgandi.
Holat yuzasidan prokuraturaning o‘rganishi hali nihoyasiga yetmay turib, mutaxassisligi veterinar bo‘lgan Ravshan Komilovning yana bir «qahramonligi» el aro ovoza bo‘lib ulgurdi. Ya’nikim, ovozi uniki ekani aytilayotgan audioda hokim bir necha nafar fermerni urib, ilonlar po‘st tashlaydigan so‘zlar bilan haqorat qilayotgani anglashiladi.
Bu yog‘i nima bo‘ladi?
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari, adliya maslahatchisi Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz» so‘roviga javoban aytdiki, biroz sabr qilasizlar endi, hokimning avvalgi «ishi» yuzasidan o‘rganish nihoyasiga yetmay yangisi chiqib qoldi, bunisiyam narginisiga qo‘shib o‘rganilyapti, har ikki holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter