Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazirlik kirakashlik va ustachilikka patent berilishi to‘g‘risidagi xabarga oydinlik kiritdi

Vazirlik kirakashlik va ustachilikka patent berilishi to‘g‘risidagi xabarga oydinlik kiritdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi kirakashlik va ustachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun patent berilishi to‘g‘risidagi xabarlarga oydinlik kiritdi.

«2018 yil 8 noyabr kuni qator OAVda xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlari singari faoliyat turlariga patent joriy etish rejalashtirilayotgani haqidagi ma’lumot e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma’lum qiladiki, mazkur xabarlar haqiqatga muvofiq emas va kontekstdan yulib olingan hisoblanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan mehnat faoliyat turlariga patent joriy etilishi bugungi kunda qonuniy tashabbus hisoblanmaydi va bironta rasmiy hujjatda mavjud emas»,-deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlikning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ayni paytda ushbu masala muhokama etilmoqda va vazirlik doirasida o‘rganib chiqilmoqda.

Qishloq joylaridagi norasmiy bandlik odatga ko‘ra dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng keng tarqalgan muammolardan biri sanaladi. Joriy yilning 30 aprelida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotga muvofiq, ayrim davlatlarda qishloq joylaridagi norasmiy bandlik 90 foizgacha borib yetadi.

O‘zbekistonda mehnat bozorini o‘rganish bo‘yicha 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida o‘tkazilgan ishlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda norasmiy bandlik sektorining ulushi 56 foizni tashkil etadi. Qishloq joylaridagi norasmiy yoki «soyadagi» bandlikning asosiy sohalari xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlari hisoblanadi.

Biroq xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlarining ayrim joylarda to‘liq bandlik alternativi sanalishini hisobga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi legallashuv chora-tadbirlaridan biri sifatida yiliga eng kam oylik ish haqining 4,5 barobari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘lov qilinadigan patentni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.

Bu turdagi patentni olish faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishi mumkin. Ya’ni patentni ixtiyoriy ravishda olib, yiliga 912 285 so‘m (oyiga 76 023 so‘m) to‘lagan fuqaro to‘liq bandlik uchun beriladigan mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin.

Bunday chora-tadbir yaxlit pensiya tizimi shakllanishiga qo‘shimcha fuqarolar sonini jalb etishga imkon bergan va kelgusida o‘sha fuqarolarning yosh bo‘yicha pensiya olishlarini ta’minlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring