Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mintaqa davlatlarini umumiy farovonlik yo‘lida birlashtirishda O‘zbekiston mediatorga aylanmoqda

Mintaqa davlatlarini umumiy farovonlik yo‘lida birlashtirishda O‘zbekiston mediatorga aylanmoqda

Shavkat Mirziyoyevning «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» maqolasida xalqaro munosabatlarning hozirgi davri bir tarixiy davr nihoyasiga yetib, bashorat qilish mushkul va noma’lum bo‘lgan yangi bir davr boshlanishining jadal jarayonlari bilan tavsiflangan «tarixiy evrilish» atamasi sifatida aniq belgilab berilgan. Bularning barchasi mamlakatimizdan har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik doirasida ishonch va konstruktiv muloqot muhitini yaratishga qaratilgan maqsadli tashqi siyosat strategiyasini amalga oshirishni talab etadi.

Bu borada, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtiruvchi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) kabi ko‘p qirrali institut alohida ahamiyatga ega.

Joriy yil – O‘zbekistonning ShHTga raislik yili ana shu nuqtai nazardan o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining mustaqil va har tomonlama ishonchli tashqi siyosati yirik mintaqaviy va global tashabbuslarni dadil ilgari surgan holda, ShHT makonida barcha mamlakatlar manfaatlarini balanslash imkonini berdi. Ayni damda, mamlakatimiz Markaziy Osiyoni Tashkilotning geografik markazi deb biladi, chunki u kengayib borayotgan makonning muhim mintaqasi hisoblanadi. Bu holat mintaqa davlatlarini umumiy farovonlik yo‘lida birlashtirishda O‘zbekistonning «mediator» («vositachi») rolini ta’minlaydi.

Xususan, pandemiyaning davom etayotgan salbiy oqibatlari va jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik sharoitida O‘zbekiston ShHT bo‘yicha 80 ga yaqin tadbirlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. E’tiborli jihati, ShHTga raislik qilgan biron bir davlatda bunchalik ko‘p uchrashuvlar o‘tkazilmagan edi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida 30 ta tadbir o‘tkazildi, shulardan 4 tasi (axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, qashshoqlikni qisqartirish, fan va texnika, giyohvand moddalarga qarshi kurash masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar) mamlakatimiz tomonidan ilk marotaba tashkil etilmoqda.

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk bor ShHTga a’zo mamlakatlar yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihasi tanlovi va kibersport bo‘yicha chempionat o‘tkazildi. ShHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari ishtirokidagi bu va boshqa  ko‘p tomonlama uchrashuvlarning barchasi har xil formatlarda – virtual va yuzma-yuz formatda hamda gibrid rejimida bo‘lib o‘tdi. Masalan, Nukus, Buxoro va Farg‘onada ShHT Milliy muvofiqlashtiruvchilar Kengashining yig‘ilishlari, Xivada transport vazirlarining majlisi, Buxoroda qashshoqlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi. Avgustda Samarqand shahrida ham qator tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston ShHTning 37 ta hujjatini muvofiqlashtirish jarayonini boshladi va yakunlab berdi. Shulardan 30 tasi O‘zbekiston tashabbusi bilan aksariyat hollarda, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ular konseptual, strategik va amaliy xususiyat kasb etadi.

Mamlakatimiz, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlarning investitsiyaviy siyosatini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga qaratilgan siyosatni olib bordi. Bunday tashabbuslar qatorida jahondagi moliyaviy va iqtisodiy o‘zgarishlarni yumshatishga qaratilgan ShHT Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma Harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifini alohida ta’kidlash mumkin.

ShHTning mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish dasturi o‘zaro savdoni yanada oshirishga va Tashkilotga a’zo barcha davlatlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Mamlakatimiz tomonidan taklif etilgan sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturining qabul qilinishi ShHTga a’zo davlatlar farovonligini oshirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi. Bu foydalanilmagan ishlab chiqarish salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va uchinchi mamlakatlarga qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini kengaytirishga yordam beradi. Bizningcha, «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasining amalga oshirilishi juda istiqbolli.

ShHTga a’zo davlatlarning o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan yo‘l xaritasining qabul qilinishi e’tiborga loyiq. Bu ShHTning transport-tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi mintaqaviy transport-tranzit yo‘laklarini shakllantirish hamda bozorlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini yanada birlashtiradi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlaymizki, ishonch chuqur tanazzulga yuz tutayotgan bugungi sharoitda ShHTning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammiti madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan noyob maskanga aylanadi. Bu mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘lgan O‘zbekistonning ShHTga raisligi ruhining ifodasi bo‘ladi.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring