Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milliy o‘zlikni anglashning achchiq haqiqati va iztiroblari

Milliy o‘zlikni anglashning achchiq haqiqati va iztiroblari

Millionlab onalar, otalar har kuni musofirchilikda yurgan farzandlarining omon bo‘lishini Allohdan so‘rab iltijo qiladi...

Foto: Blog Sergeya Korolya

Hamyurtimiz, faylasuf Anvar Bo‘ronov o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida bugun millatimiz boshida turgan og‘riqli muammolar haqida to‘xtalib o‘tdi. Muallifning yurt, millatning bugungi holati, taqdiri haqida kuyinib yozgan mulohazalari bizni befarq qoldirmadi. Shu bois bu fikrlarni o‘quvchilarimiz bilan bo‘lishgimiz keldi.

* * *

Dunyo sahnasida O‘zbekning o‘z o‘rni bor. O‘zbek — o‘ziga xos madaniyat, til va hududiy birlikki, jahon xalqlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan millatdir. Ammo qanday o‘rni bor? Dunyo ahli o‘zbekni millat sifatida qanday qabul qiladi? Halqaro doirada milliy mavqe, milliy nufuz, degan tushunchalar qanday shakllangan? 

Biz o‘zbeklar hamon millatimiz sha’nini sport yoki san’at orqali ko‘tarmoqchi bo‘lamiz. Zo‘r berib terma jamoalarni shakllantirmoqchi bo‘lamiz. Milliardlab pullarni ularning oyog‘i ostiga sochib qo‘yamiz. Lekin?

Lekin, dunyo sahnasida biz «mardikor» nomi bilan mashhur ekanligimizni aytmaymiz. Sportchilarimiz nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘layotgan stadionlarni mardikorlarimiz tozalashini tan olmaymiz. Dunyo islovatxonalarida kun sayin ortib borayotgan «kapalak»larimiz millat yuzini shuvit qilayotganini yashiramiz. Ko‘chalarimizda tentirab yurgan tilanchilarning sadaqa so‘ragan qo‘llari allaqachonlar boshqa mamlakatlarga ham yetganini bilib, bilmaslikki olamiz.

Biz kasalni yashiramiz, ammo isitmasi oshkor qiladi: bir kun yangiliklarda «sharoitsiz yashayotgan o‘zbek gastarbayterlari yong‘inda qolib, yonib ketgani»ni, hatto Hindistonda «o‘zbek fohishalari qo‘lga tushgani»ni eshitsak, Qozog‘istonda odamlar o‘zbek tilanchilardan bezor bo‘lganini o‘qiymiz. Ertasiga esa televizorda avtobusda sovuq qotib o‘lgan yurtdoshlarimizni ko‘rsak, izidan o‘nlab bokira qizlarni Dubayda «hezantrop»larga pullagan qo‘shmachini ko‘rsatishadi. Ammo bunga aza tutmaymiz.

Boksdan mamlakatimiz g‘olib bo‘lganda to‘y qilsak, nega ma’naviyatda mag‘lub bo‘lganimizga aza tutmaymiz?

Agar dunyo bo‘ylab kezib yurgan mardikorlarimizni yig‘sak, bilasizmi nima bo‘ladi? Kamida ikki million kishilik qo‘shin bo‘ladi. Ammo afsuski ulardan faqat STROYBATlar tuzish mumkin...

Minglab oliy ma’lumotli kadrlarimiz Rossiyada oddiy ishchi, hovli supuruvchi bo‘lib ishlab yuribdi (alam qiladigani, ular orasida pora olishni or bilib, institut kafedralarini tashlab ketgan olimlar ham bor). Kuchli mutaxassislarimiz o‘zga mamlakatlar zavodlari, fabrikalar uchun ishlamoqda. 

O‘zbekistonda esa yuz minglab oilalar Rossiyadagi boquvchisiga ko‘z tikib yashaydi. Yuz minglab ayollar erlari Rossiyada boshqa ayolga uylanib ketishidan xavotirda, millionlab norasida bolalar esa o‘z otalarini sog‘inib, o‘ksinib, chala yetimday yashashga majbur...Millionlab onalar, otalar har kuni musofirchilikda yurgan farzandlarining omon bo‘lishini Allohdan so‘rab iltijo qiladi. Ammo o‘z yurtida ularga ish o‘rni bo‘lishiga ishonchi sustligi sababli, «butunlay qaytib kelsin», deb duo qilmaydi...

Rossiyada ishlab, yaxshigina daromad qilib qaytgan bir inson aytgandi: Rossiyada yaxshi pul topdim, ammo qanday topdim? Qon yutib ishlab topdim... Ba’zan o‘rmonning ichkarisiga kirib ketib ho‘ngrab yig‘lardim. Oilamni, bolalarimni sog‘inib yosh to‘kardim. Ellikka kirib, O‘zbekistonda bir marta ham yig‘lamaganman! Yel uchirsin bu pullarni, ammo shu pullarsiz mahallamda oilam ham, farzandlarim ham kamsitiladi. Ayrim o‘zidan ketgan boylar ustingdan kuladi. Ularga kulgu bo‘lmaslik uchun o‘rmonda yig‘laysanda...

O‘rmon ichida yig‘lagan mazlumning «oh»ini Alloh eshitmaydimi? Albatta eshitadi. Eshitmasa butun boshli mamlakat moliya tizimining boshiga o‘tirib, millat rizqini po‘rsildoq nonday bo‘lib yeb yotgan opalar fosh bo‘larmidi? Ularning fosh etadigan millatparvar inson yurt boshiga kelarmidi?!

Ba’zan o‘ylanib qolasan? O‘zbekistonda o‘zbeklarning qadri qanaqa? O‘zbekistonda yashaydigan koreyslarcha bormi qadri? Yo‘q albatta! Chunki koreyslar o‘z millatdoshini sotmaydi? Shuning uchun taqdir taqozosi bilan dunyo bo‘ylab tarqab ketgan koreys xalqi o‘zga yurtlarda yashasada, yerlik xalqdan mavqei past emas. 

O‘zbek esa o‘z millatdoshini olib borib Rossiyada sotadi, ishlatadi, ish haqidan foiz olib yeydi. Ayrim fermerlar bir yil ishlatgan ishchisiga arzimagan bug‘doy, ozroq ekin uchun yer, yana ozroq g‘o‘zapoya berib aldaydi. Maktab direktori o‘qituvchining oyligini turli yo‘l bilan aldab oladi. O‘qituvchi o‘quvchini shiladi. Talonchi tashkilotlar, hokimlar-u, rahbarlar bilan kelishib boshqalarning ish haqidan yulib yeydi. Shifokor kasalni, kasal o‘salni talaydi. Yetimxonalarni yetim molini tuya qiladiganlar boshqaradi. Hamma bir-birini chuv tush tushurishga moslashgan. Go‘yo «o‘rmon qonuni» hukmronday.

O‘zbekka haqiqatni aytsang dushman bo‘lasan. Sening ishing nima? O‘zingchi?-deb yoqangizga uradi. “Azaldan dunyo shunday yaralgan, sengamas to‘g‘irlash!”- deydi. Millatning jonkuyar, to‘g‘riso‘z ziyolilari buni kitob qilsa, ta’qibga olinadi. 

Shuning uchun indamaysan... Shuning uchun jim yashaysan... Ammo sen jimiganing sari boshqa millatlar ustingdan baralla kula boshlaydi. Falon ismli o‘zbek demaydi. Otini aynan aytmaydi. O‘ZBEKLAR deb aytadi. O‘zbeklar-mardikor, o‘zbeklar-fohisha, o‘zbeklar-tilanchi deydi. Sen esa o‘zbekligingdan uyala boshlaysan...



Muallif fikrlari tahririyat nuqtai-nazaridan farqlanishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring