Milliy gvardiya Turkiya jandarmeriyasi bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qiladi
Turkiya jandarmeriyasi bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, armiya generali Ali Chardakchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev bilan uchrashdi.
Suhbat davomida tomonlar o‘zaro fikr almashib, ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda yaqin istiqboldagi amaliy rejalarni muhokama qildi. Turkiya jandarmeriyasi va Milliy gvardiya o‘rtasida kadrlar tayyorlash, qo‘shma amaliy tadbirlar, seminar va treninglar tashkil etish sohasidagi hamkorlik muhim ekani ta’kidlandi.
Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Turkiya delegatsiyasi “Temurbeklar maktabi”, Toshkent harbiy-akademik litseyi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi, Buxoro viloyati qo‘riqlash boshqarmasi hamda Milliy gvardiya kavaleriya eskadronida bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 3-noyabr kuni Turkiya jandarmeriyasi bosh qo‘mondoni, armiya generali Orif Chetin yurtimizda mehmon bo‘lgan hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter