Ayol yozuvchi taxallusi ostida yashiringan uch erkakka bir million yevro mukofot berildi
Ispaniyalik Karmen Mola taxallusli yozuvchi ayol «Planeta» mukofotiga sazovor bo‘ldi, g‘olib 1 million yevro oldi, deb xabar berdi «The Guardian».
Mukofotni topshirish marosimida sir ochildi: hech qanaqangi Karmen Mola ismli yozuvchi hayotda yo‘q, ssenariynavis uch nafar erkak ushbu taxallus ostida hamkorlikda ijod qilib kelgan — Agustin Martines, Xorxe Dias va Antonio Mersero. Ular «Hayvon» tarixiy trilleri uchun yuksak mukofotni qabul qilib olishdi.
«Taxallusimiz juda qulay edi. Tanqidchilarning bosimi kamroq, roman chiqqanidan so‘ng ham hayoting oldingidek davom etaveradi», — dedi Xorxe Dias «El Mundo» gazetasiga bergan intervyusida.
O‘ylab topilgan yozuvchi obrazi ertalab va tushdan so‘ng algebradan dars beradigan o‘rta maktab o‘qituvchisi, uch bolaning onasi, bo‘sh vaqtlarida o‘ta vahshiyona zo‘ravonliklar haqida romanlar yozuvchisi sifatida jamoatchilikka tanishtirilgan edi. Karmen Mola niqobi marketing yurishi emas, buni uchala yozuvchi ham inkor etgan.
«Karmen Moladan bir naf chiqdimi, demak, o‘quvchilarga yoqqan... Bizning kimligimiz esa unchalik muhimmas», — dedi Agustin Martines.
Ma’lumot uchun: 1952-yilda ta’sis etilgan«Planeta» mukofoti har yili an’anaviy ravishda ispan tilidagi chop etilmagan eng yaxshi romanga beriladi. Ispaniyada Nadal mukofoti bilan yonma-yon eng nufuzli mukofotlardan sanaladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter