Millat fojiasi: 23 yashar o‘qituvchining o‘limidan so‘ng muallimlarga munosabat o‘zgaradimi?!
To‘rt kun oldin (2018-yil 14-mart kuni) Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchilarni katta ko‘chani «obodonlashtirish» bahonasida «o‘z ixtiyori bilan» hasharga olib chiqqanlari tufayli fojia yuz berdi. Yoshgina o‘qituvchi ayol halok bo‘ldi. Uning bolasi yetim qoldi. Ota-onasining esa jigar-bag‘ri xun bo‘ldi.
Bu fojia turli saytlarda yoritilar ekan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Aybdorlar so‘kildi, la’natlandi, haqorat qilindi. Eng ko‘p xalq ta’limi vaziri, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ayblandi. O‘sha ayblovlar kimlargadir yoqmadi shekilli, hatto bittasi «hamma aybdor qidirishga o‘tib ketdi» deb pisanda qilishga ham ulgurdi.
Mavzuga doir:
«Xabar.uz» surishtiruvi: 23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?
Yo‘q, men quyida aybdorlarni qidirmoqchi emasman. Men bechoralar haqida yozmoqchiman. «Bechoralar kim ekan?» deb hayron bo‘layapsizmi? Ularning kimligini o‘zingizcha taxmin ham qildingizmi? Yo‘q, adashdingiz. Ular o‘qituvchilar emas. O‘qituvchilar bechoralar emas, balki jabrdiydalar, rahbarlarning zug‘umi ostida ezilayotgan mazlumlardir. Bechoralar esa xalq ta’limi vaziri, vazirlikning viloyatlardagi boshqarmalarining boshliqlari, tumanlardagi bo‘limlarining mudirlaridir. Hozir nega ularni bechora deganimni tushuntiraman.
2017 yilning yanvar oyida bir kuni o‘g‘lim «Ota, maktabga metallolom olib borar ekanman» deb qoldi. Hayron qoldim. Qalin qor yoqqan, ko‘chalar muzlab yotibdi. Bunaqa havoda o‘quvchilar metallolomni qayerdan topar ekan?
Mavzuga doir:
Yana metallolom muammosi: Farg‘ona tumanida har bir o‘qituvchi 200 kilogramm temir-tersak topshirishga majburlanmoqda
Bundan ham ajablanarlisi — o‘g‘lim hali to‘qqizga to‘lmagan, 3-sinf bolasi bo‘lsa? Qaysi ahmoq unga bu ishni aytdi ekan-a? Jahl bilan maktabga jo‘nadim. Borib direktorga ta’na-yu dashnomlarimni avtomatning o‘qiday yog‘dirib tashladim. O‘sha bechoraga ham qiyin (yuqorida bechoralar ro‘yxatini berganimda maktab direktorlari esimdan chiqibdi, bechoralarning eng quyi bo‘g‘inida shular turishadi).
Direktorning aytishicha, yuqori sinf bolalari uning metallolom olib kelish haqidagi gapini eshitmaydi va bajarmaydi. Shu tufayli ham u buni 3-sinf bolalarigacha aytishga majbur bo‘libdi. «Sizga metalollom yig‘ishni kim buyuradi?», — so‘rayman undan. «Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri buyuradi», — deydi u. Uning javobini eshitib jahlim bosilmagan holatda tuman XTBga jo‘nadim.
Mavzuga doir:
«Ixtiyoriy»lik ortidagi majburiyatlar yoki o‘qituvchilarni kim himoya qiladi?
Borsam mudir ham, uning o‘rinbosari bor ham yo‘q ekan. Ochiq eshiklardan biriga kirsam xonada o‘tirgan yigit o‘zini «Kadrlar bo‘limining boshlig‘iman» deb tanishtirdi. Oldida bir opa ham o‘tirgan ekan, uning lavozimini so‘ramadim. Ularga nima maqsadda kelganimni aytib, shu sovuqda maktablarga metalollom topshirishni kim buyurgani haqida so‘radim.
Yigitning aytishiga qaraganda maktab direktorlariga hech kim bunday sovuqda metalollom yig‘dir demagan. Umuman olganda, metall eritish korxonasining yil davomida uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun tumandagi qaysi maktab qaysi oyda metalollom topshirishi o‘quv yilining boshida, sentyabr oyida aniq reja asosida aytilar ekan. Shuning uchun ko‘pgina maktab direktorlari qishning sovuq kunlariga qolmay, kuzning o‘zida metalollomni yig‘dirib qo‘yib, navbati kelganda olib borib topshirar ekan. Bizning maktabimiz ham yanvar oyida metalollom topshirishini o‘quv yilining boshida bilgan, ammo direktorimiz issiq kunlarda metalollom yig‘dirmay sustkashlik qilgan.
Mavzuga doir:
23 yoshli o‘qituvchini urib yuborgan haydovchiga «Xabar.uz» surishtiruvidan so‘ng jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Uning gaplarini eshitar ekanman, unga «Nega shu ta’lim tizimini metalollom, makulatura, hashar deb hech tinch qo‘yishmaydi?» deb o‘zimni, nafaqat o‘zimni, balki butun boshli ta’lim tizimimizni Ikkinchi jahon urushidan beri ezib kelayotgan savolni beraman. Bunga javoban: «Aka, buni borib tuman hokimiyatidan so‘rang. Bizga metalollom va makulatura yig‘diradigan ham, turli hasharlarga chiqaradigan ham o‘shalar. Ularga bu buyruqni kim beradi — bilmayman. Ammo bizga buyruqni ular beradi. Bu muammo o‘zimizning ham jonimizga tekkan, ammo biz, shaxsan men hokimiyatning buyruqlariga qarshi chiqishga jur’at qilolmayman. Agar siz jur’at qilolsangiz, marhamat, borib shikoyatni hokimiyatga qilavering», — degan javobni eshitdim.
Bu so‘zlarni eshitib mohiyatni biroz tushundim. Demak, joylarda o‘qituvchilarning o‘zlariga tegishli bo‘lmagan ishlarga majburlanayotgani haqida turli gap-so‘zlar bo‘lganida xalq ta’limi vaziri «men ularga bunday buyruq bermaganman, bermayman ham» deganida haq ekan-da. Voy bechora. Ko‘pchilik ota-onalar qatori men ham ko‘p ishlarda uni ayblar edim.
Mavzuga doir:
Fotofakt. Maktab o‘quvchilari metallolom yig‘ishga jalb etilmayotganmidi?..
Ammo tuman XTBga borib, uning xodimidan hokimiyat haqidagi gapni eshitib muammoning mohiyatini angladim va xalq ta’limi vaziriga ham, viloyat XTBlarining boshliqlariga xam, tuman XTB mudirlari-yu zanjirning oxiridagi maktab direktorlariga ham achinib ketdim. To‘g‘ri-da, Xalq ta’limi vazirligi alohida bir vazirlik bo‘lsa-yu, vazirning vazir degan nomi bo‘lsa-yu, o‘z qo‘l ostidagi boshqarma va bo‘limlarga, qolaversa, o‘z o‘qituvchilariga xo‘jayinlik qilishga haqqi bo‘lmasa, erki o‘z qo‘lida bo‘lmasa, ular bechora bo‘lmay men bechoramanmi?
Shu yerda izoh berib ketay: mening xalq ta’limi vaziriga ham, sohadagi biron-bir xodimga ham g‘arazim yo‘q. Men bu gaplarni shunchaki jonim achiganidan yozayapman. Yurtimiz rivojlansin, o‘qituvchilarning haq-huquqlari toptalmasin deb yozayapman.
Katta yoshdagilar bilishadi (shu jumladan o‘zim ham o‘sha davrning ozrog‘ini ko‘rib qoldim), manfur sovet tuzumi paytida o‘qituvchi o‘ta xor, o‘ta abgor edi. Burnidan mishig‘i oqib yuradigan oddiy bir brigadir ham kelib maktab direktorini qo‘l ostidagi o‘qituvchilari va o‘quvchilari oldida «nega dalaga ishga chiqmading?» deb so‘kib haqorat qila olar edi. Endi o‘sha davrdagi raislarni gapirib o‘tirmay, ba’zilari hatto tuman XTB mudirini ham oyog‘ining uchida ko‘rsatmas edi.
Mavzuga doir:
Maktablarda metallom yig‘ilmasligi haqiqatmi?
Xo‘sh, endi biz mustaqil O‘zbekistonda yashamayapmizmi? Bizni dunyo tanisin demayapmizmi? Sobiq ittifoq paytida yoppasiga dehqon edik, endi bizdan ham dunyo tan olgan olimlar chiqsin demayapmizmi? Yoshlarimiz yuksak salohiyatli bo‘lib ulg‘ayishsin va vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shsin demayapmizmi?
Deyapmiz, shuni xohlayapmiz. Ammo vijdonan ayting-chi, o‘qituvchi darsini tashlab ko‘cha tozalasa va u dars o‘tishi kerak bo‘lgan bolalar bekor qolib ketsa, uning rahbarlari hokimning ko‘cha tozalashu metalollom yig‘ish haqidagi buyrug‘iga qarshi chiqa olmaydigan darajada bechora bo‘lsa, biz qanday rivojlanamiz? Taraqqiyotga qanday erishamiz?
Ko‘pincha rahbarlar «o‘qituvchilar o‘z ixtiyori bilan hasharga borayapti» deb o‘zlarini oqlashadi. Joylardagi mutasaddilar esa mazlum o‘qituvchidan «o‘z ixtiyorim bilan hasharga chiqayapman» degan tilxatni ham yozdirib olishadi. Lekin biz bu ishimiz bilan kimni aldayapmiz? Axir o‘qituvchida oila tashvishi yo‘qmi? Bola-chaqa yo‘qmi? O‘zi kuni bilan maktabda dars bersa-yu ortgan vaqtini oilasiga ajratmay yana qanaqasiga «o‘z ixtiyori bilan» hasharga boradi?
Mavzuga doir:
Fojia ko‘zimizni ochmadi yoxud sinalgan usuldagi javob
Men tumanimiz XTBga borib «jur’ating yetsa hokimiyatga bor, bizga o‘shalar buyurayapti» degan gapni eshitib, u yerdan chiqib uyga keldim. O‘shanda hokimiyatga borishga jur’atim yetmadi. Ammo hammasi Prezidentning nazoratida ekan, 2017 yilning dekabrida «ta’lim muassasalariga metalollom yig‘dirish qat’iyan man etiladi» mazmunidagi qarorni chiqardi.
Umid qilamiz, tez kunlarda o‘qituvchilarning ixtiyoriy-majburiy mehnatlarga jalb qilinishini qat’iyan taqiqlash haqidagi qarori ham chiqadi. Buni esa qariyb yarim million nafar o‘qituvchi, ta’lim sohasida mehnat qilayotganlar sabrsizlik bilan kutmoqda. Ana o‘shanda mazlumlar ham, bechoralar ham bo‘lmaydi, hamma o‘z ishini bajaradi.
P.S: Kattaqo‘rg‘onda yoshgina o‘qituvchining fojiali tarzda halok bo‘lishi birgina o‘sha halok bo‘lganning va uning yaqinlarining fojiasi emas, balki millat fojiasidir. Bu fojiadan keyin esa jim turib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda o‘qituvchilar jim turmasligi va o‘z muammolari haqida ko‘proq yozishi, gapirishi va tegishli organlarga murojat qilishi kerak. Agar shu fojiadan keyin ham o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat o‘zgarmasa biz taraqqiyot haqida, rivojlanish haqida, yuksak salohiyatli yosh kadrlar haqida orzu qilmay qo‘yaqolaylik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter