Mikroqarz summasi 100 mln so‘mgacha oshirilmoqda
Senatning elliginchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi belgilangan tartibda undiriladi.
Eng avvalo, asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlari mutanosib ravishda uziladi. So‘ngra joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik so‘ndiriladi. Uchinchi navbatda neustoyka (jarima, penya)lar va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari undiriladi.
Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksiga kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda mazkur kredit bo‘yicha foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari, «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga ham o‘zgartirish kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, Qonun aholi va tadbirkorlarga mikroqarz yoki kredit olib foydalanish jarayonlarini kengaytirishga, ular tomonidan kreditlarni qaytarish qobiliyati yaxshilanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, aholini va tadbirkorlarning moliyaviy mablag‘lar hamda xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish bilan birga ularning ishchanlik faolligini oshirishga va ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng senatorlar ushbu Qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter