«Mikrokreditbank» yirik loyihani moliyalashtirdi (foto)
«Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki bugungi kunda o‘zining xorijiy kredit liniyalari orqali jalb qilingan mablag‘lari bilan iqtisodiyotning real sektori korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga doir investitsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi korxonalar faoliyatini keng yoritish maqsadida bank tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent viloyatidagi «Inter Agro Broiler Breeders» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bir guruh respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar korxonada parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Toshkent viloyati Nurafshon BXO mijozi «Inter Agro Broiler Breeders» korxonasiga 2022 yilda parrandachilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun ona tovuq jo‘jalari hamda parranda ozuqa yemi sotib olish uchun 20 mlrd. so‘m miqdorida kredit ajratilgan.
Mijoz tomonidan taqdim etilgan biznes-rejaga asosan, loyihaning umumiy qiymati 30 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Bank tomonidan ko‘rsatilgan moliyaviy yordam natijasida 2023 yilda 58,2 mlrd. so‘mlik pul aylanmalari amalga oshirilgan. Eng muhimi, ushbu korxonada 100 ga yaqin yangi ishchi o‘rinlari yaratilgan.
– Davlatimiz rahbarining Vengriya va AQShga rasmiy tashriflaridagi erishilgan kelishuvlar ishimizni ancha osonlashtirdi. Shu tariqa hozir yana yangi loyihalar ustida ishlab, «Mikrokreditbank»dan yana bemalol kredit olishimiz mumkin, – dedi korxona rahbari Rustam Saidov.
Mahsulotlarning 50 foizi mahalliy bozorga, qolgan yarmi esa 7 ta davlat – Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Tojikiston, Saudiya Arabistoni va Qirg‘izistonga eksport qilinadi.
Bank Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, «Mikrokreditbank» ATB tomonidan joriy yil boshidan beri tadbirkorlik sub’yektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 95 ta loyihaga 384,4 mlrd. so‘m ekvivalentida mablag‘lar ajratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter