Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Migrantlar Rossiyadan ketgani yaxshimi?

Migrantlar Rossiyadan ketgani yaxshimi?

Rossiyada faoliyat olib boradigan huquqshunos Zarnigor Omonullayeva ushbu savolga javob berdi.

Vahimangiz va qo‘rquvingizni juda yaxshi tushunaman. Ishoning, xavotirlaringiz o‘rinli. Biroq, vaziyatga axborot shovqinini olib tashlab, real qaraylik.

Agar migrantlarni majburan urushga yuborish maqsadlari bo‘lganida qonunchilikka bu haqda o‘zgartish kiritishar edi. Ko‘rdingiz, qonunchilikni o‘zgartirishmoqchi bo‘lsa, ularga bu uchun 4 soat vaqt yetib, ortayapti. Lekin haligacha mobilizatsiya va harbiy holat bo‘yicha qonunchilikda chet el fuqarolari hech qanday majburiy akt ishtirokchilari emas.

Hozirda amal qilib turgan qonunchilikka ko‘ra faqat Rossiya fuqaroligi borlar majburlanadi. Rossiya fuqaroligi yo‘qlar uchun majburlash va harbiy xatar yo‘q.

Chegara yopilishidan qo‘rqayotgan bo‘lsangiz — karantinda chegaralar hamma uchun yopiqligida ham Rossiyadan chiqib ketishga taqiq bo‘lmaganini eslang. Rossiya fuqarolariyam, migrantlar ham Rossiyadan bemalol chiqib keta olgan.

Chiqib ketishga taqiq bo‘lmaganidan keyin xohlagan vaqtingiz ketaverasiz. Hozir hamma narsani tashlab, tayyorgarliksiz ketib, uyda oilangiz bilan birga och qolishingiz shart emas.

Mabodo, favqulodda qandaydur holat bo‘lib qolsa karantindagidek charter reyslar va boshqa evakuatsiya choralari ko‘riladi. Xavotir olmang.

Migrantlardan hozir nima talab qilinadi?

Harbiylikka bo‘lgan targ‘ibotga aldanib, yollanib ketib qolmaslik talab qilinadi.

Hujjatlarsiz, noqonuniy migrantga aylanib qolmaslik so‘raladi. Chunki tekshiruv ko‘p.

Sizga nisbatan biror nojo‘ya harakat bo‘lsa zudlik bilan elchixona, huquq faollari yoki jurnalist/blogerlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Ishingiz tayin bo‘lsa, harbiylikka hech kim hech narsa, deb sizni chaqira olmasligiga 100 foiz ishonchingiz komil bo‘lsa hozircha Rossiyada ishlayvering.

Aldanib qolaman yoki O‘zbekistonda ham ishlarim yaxshi, bu yerda yurishim shart emas, desangiz unda albatta ketganingiz yaxshi. O‘zingizni ham, yaqinlaringizni ham xavotirga qo‘ymaysiz.

Tushunganingizdek, hozir zudlik bilan ketish kerak bo‘lgan vaziyat emas. Agar qolayotgan bo‘lsangiz, iltimos, yaqinlaringiz bilan har kuni aloqada bo‘lib turing. Ularni  xavotirga qo‘ymang. Yaxshiligingizni bilib, tinch o‘tirishsin. Sizdan xavotir olib, biror kasallik orttirishsa yaxshi ish bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring