MIB xodimlari Dima Qayumni yo‘qlashdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Dima Qayum taxallusi bilan tilga tushgan rishtonlik tadbirkor Dilshod Boltaboyevni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) tuman bo‘limi mutasaddilari yo‘qlashibdi. Kim yo‘qlab kelsa, birga suratga tushib, issig‘ida tarmoqdagi sahifasiga joylaydigan tadbirkor bu safar ham odatiga teskari ish qilmadi...
Yo‘q, xavotir olmang, tadbirkorning MIB xodimlari bezovta qiladigan darajada muammosi yo‘q. Dilshod Boltaboyevning yozishicha, ular «...qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamasligini aytishib», ko‘nglini ko‘taribdi. MIB xodimlarining biror joyga qadam ranjida qilishi mezbon uchun yoqimli holat hisoblanmaydi ko‘pincha. Chunki, odatda, byuro xodimlari hol-ahvol so‘rash uchun emas, yig‘ilib qolgan qarzdorlikni undirish uchun kelishadi-da. Shunday «yoqimsiz» kasb egalari Dilshod Boltaboyevning ko‘nglini ko‘tarishibdimi, umridan baraka topishsin, qadamlariga hasanot.
Savol tug‘ildi-a sizda: tadbirkorga nima bo‘libdiki, uning ko‘ngli ko‘tarilsa?
Bugun Dilshod Boltaboyev va u kabi Rishton markaziy bozorida tirikchilik qilayotgan boshqa yuzlab tadbirkorlar arosatda qolishgan. Sababki, mamlakat rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifidan so‘ng Rishton tumanida katta obodonlashtirish boshlangan, buning ilk belgisi sifatida tuman markaziy bozori buzilishga tushdi. Niyat – ezgu, ishlar xayrli, albatta. Ammo yangi qurilishlar uchun boshlangan buzilishlar jarayonida bozordagi tadbirkorlarga hozircha quruq va’da berilgan, xolos: do‘koning o‘rniga yangisi beriladi! Xo‘p, yaxshi. Biroq ikki o‘rtada na buzilgan mulklar baholangan, na shartnoma bor?! Hammasi quruq gap hozircha. Bu hol erta-bir kun bozor mutasaddilari va shu yerda necha yillardan beri qora qozonini qaynatib kelayotgan yuzlab odamlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishi ehtimoli yo‘q emas. Ehtimoli ancha yuqori bo‘lgan bunday holat esa mamlakat rahbari tashabbusi bilan boshlangan xayrli ishga yaqin kelajakda soya solib qo‘ymasmikan, degan xavotir uyg‘otmoqda. Agar, Xudo ko‘rsatmasin, shunday holat yuz berguday bo‘lsa, Dilshod Boltaboyev (va boshqalarga ham) MIB tugul, hatto sud ham yordam bera olmasligi mumkin. Chunki, do‘ppi tor kelganda, hujjatlarga tayaniladi. Hozirgi holatda esa o‘sha hujjatning (shartnoma, kelishuv, kafolat xati) o‘zi yo‘q! Mutasaddilar bozordagi do‘konlar buzilishidan ogoh etishi hamono o‘n kun avval, qoq yarim tushda buldozer-u boshqa texnikalarni ishga solib, buzish ishlarini boshlab yuborishdi. Vaholanki, bozordagi do‘konlar xususiy bo‘lib, uning egalari qo‘lida mulk huquqi tasdiqlovchi hujjati bo‘lgani aytilmoqda. Jumladan, Dilshod Boltaboyevning ham.
Dilshod Boltaboyevning bozordagi boshqa tadbirkorlardan farqiki, u kaftdekkina yerdagi do‘konining bir qismini «Roshidoniy xalq kutubxonasi»ga aylantirib, el-yurtni ma’rifat bilan oshno qilishga kirishgan, uning bu tashabbusi va beg‘araz mehnatlari nainki yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlarning ham e’tirof-u hayratiga sabab bo‘lganini bugun bilmaydigan kam. Shundanmi, kutubxonaning ham buzilishga tushgani ko‘plar tomonidan og‘riq bilan qabul qilindi. Biroq tezda og‘riqqa malham qo‘yildi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov shaxsan tadbirkor bilan bog‘lanib, ko‘p xavotirga tushmasligi, xalq kutubxonasi albatta faoliyat ko‘rsatajagi, buning uchun real harakatlar qilayotganini bildirdi. Ayni kunda kutubxona uchun joy tanlanmoqda ekan. Dilshodning quvonganiki, agentlik rahbari kuni kecha yana qo‘ng‘iroq qilib, ayni masala bilan yana bir karra qiziqibdi. «Kutubxona masalasi «yuqori»ning e’tiborida, umid shuki, pastda ham bee’tibor qolmayajak!» deydi Dilshod yosh boladek quvonib. Nasib, nasib...
...Darvoqe, gap MIBchilar tashirifidan boshlangan edi-ya?! Dilshodning aytishicha, xodimlar «qo‘ldan kelganicha yordam berajagi» aytishi barobarida undan ham «qo‘lidan kelgancha yordam berishini» so‘rashibdi. Ya’niki: ko‘p iste’molchilar foydalanilgan gaz, suv, elektr energiyasi uchun to‘lovni vaqtida amalga oshirmayotganidan yozg‘irib, shularni satira qilib yozmaysizmi? (Dilshod – tabiatan qiziqchi, o‘tkir satiralari bilan mashhur aslida, illo taniqliligi «damiga osh pishadigan savdogar» ekanini anglatmaydi!). Bu haqda qahramonimiz bir nima yozadimi-yo‘qmi, o‘zi biladi, albatta. Biroq qishloq joylaridagi gaz va elektr ta’minoti bilan og‘riqli muammolarni yumor orqali ifodalab e’tiborga tushgan qalamkashning (ha, u qalamkash ham: «Menkim Dima Qayum» kitobi muallifi!) taklifni mamnuniyat bilan qabul qilishini, rosti, tasavvurga sig‘dirish qiyin... Albatta, to‘lovlar vaqtida amalga oshirilishi kerak. Buning uchun iste’molchida vijdon, mas’uliyat, majburiyatni teran his etishdan tashqari moddiy imkoniyati ham bo‘lishi kerak-da.
MIBchilarning bu darajada faollashib, har qanday imkoniyatdan maksimal foydalanishga tushgani – zimmasidagi mas’uliyatni o‘ta his etishga taqaladimi yoki viloyat hokimining byuroning viloyatdagi mutasaddilariga qarata «Ichagingni sug‘rurib, boshingga salla qilvoraman!» degan tahdidigami – buning ahamiyati yo‘q. Har tugul, har kim o‘z ishini qilyapti, bu jarayonda Prezident aytganidek, «xalq rozi bo‘lsa, bas».
Pirovardida, yana bir gap: yuqoridagi bayonlar Dilshod Boltaboyevning jurnalistga hasrat qilganini bildirmaydi. Balki jurnalistning fidoiy yurtdoshi bilan muxtasar muloqoti so‘ngida tug‘ilgan mulohazalari, xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter