Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Meva ko‘targan go‘zal. Bir surat tarixi

Meva ko‘targan go‘zal. Bir surat tarixi

Foto: «Saodat» jurnali

Xotira uyg‘onsa, go‘zaldir

Siz bu fotosuratni avval ham ko‘rgan bo‘lsangiz ajab emas. Garchi, bu surat olinganiga yarim asrdan oshsa-da, uni nashrlar chop etaveradi, ijtimoiy tarmoqlarda ham uchratasiz, muzeydan o‘rin olgan. Atlas ko‘ylakdagi go‘zal qiz sarxil mevali laganni yelkasi barobar ko‘tarib ko‘z-ko‘z qilyapti. B.Mirxozin tasvirga olgan «To‘kin kuz» deb nomlangan fotoetyud 1973-yili «Saodat» jurnalining 9-soni muqovasida e’lon qilingan.

Jurnalda suratdagi qizning ism-sharifi ko‘rsatilmagan. Biroq bu qiz Ko‘lobod mahallasidan Habibaxon ekani vaqtida Samarqandda ovoza bo‘lgan. O‘shanda u 18 yoshda edi.

Meva ko‘targan qiz surati

Bugun har qanday qiz o‘z suratini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib yulduz bo‘lishi qiyin emas. Lekin, 70-yillarning tosh-tarozisi boshqacha edi. Birovning bo‘yi yetgan qizini shunchaki suratga tushirib bo‘lganmi? Suratga olish jarayonidagi o‘ziga xosliklar qanday bo‘lgan? Samarqandning qadimiy tor ko‘chalari oralab kirganda bog‘ bormidi? Nega nonvoy qiz qo‘liga meva berildi? Butun Ittifoq bo‘ylab tarqalgan surati qizning hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Bu savollarga Habiba opaning o‘zidan javob ololsak qaniydi... Afsuski, Habiba opa bugun oramizda yo‘q...

Habiba opaning singillari Safiya opa Jabborovani izlab topdik. Ular Habiba opadan bor-yo‘g‘i 3 yosh kichik. Aytmoqchimanki, egizakdek ulg‘ayishgan.

Safiya Jabborova

«Bolaligim o‘tgan mahalla Siyob bozori bilan tutash. O‘sha paytlari mahalladagi har bir xonadonda tandir bo‘lardi. Og‘zi osmonga qaragan haqiqiy nonvoy tandir. Ichiga nonning katta-kichikligiga qarab 40 tadan 60 tagacha non sig‘ardi. Bu yerda hamma nonvoy edi. Mahalla bo‘ylab yurib borar ekansiz, qizarayotgan non hidi dimog‘ingizga urilardi. Qo‘shnilarimizdan kimdir shirmoy non qilsa, boshqasi sovg‘a non pishirardi. Bizning uyimizdan esa kunjutli, kungurali non chiqarilardi. Habiba opam Siyob bozorida non sotayotganida muxbirlar e’tiboriga tushgan», — dedi Safiya opa.

Safiya opa bolaligi haqida batafsil so‘zlaydi. «Biz otadan juda erta qolganmiz», deydi u. Oila boshlig‘i xastalikdan olamdan o‘tganda besh farzandning kichigi beshikda bo‘lgan ekan. Kattalari esa hali aqlini tanib-tanimagan. 30 ga ham kirmagan ayol shu tandir orqasidan bolalarini yedirgan, ichirgan, kiydirgan.

«Esimda qolgani, onam xamir boshida yig‘lardi. Hech vaqoni tushunmasak-da, ba’zan biz ham qo‘shilib yig‘lardik. Qiynalib yashagan bo‘lsak ham ayam o‘qishimizga e’tiborli edi. Hech birimiz maktabdan qolmasdik. Habiba opam a’lochi edi. Opamga Alloh ham husnu jamol, ham o‘ziga yarasha qobiliyat bergan edi. Matematika, ximiya, fizikani zo‘r bilardi. Mehnat darsida eng chiroyli ko‘ylakchalar tikardi, necha yil maktab ko‘rgazmasida turdi.

Safiya opaning o‘zi esa sho‘x va boshida maktabga qiziqishi bo‘lmagan. Aynan Habiba yashikning faneridan doska yasab, unga yozishni, qo‘shish-ayirishni o‘rgatganini eslaydi: «U o‘zini o‘qituvchi his qilardi. Shunday qilib men 2-sinfda a’lochi bo‘ldim. Lekin baribir Habiba opamchalik o‘qimadim. Faqat adabiyot, ashula fanlari jonu dilim edi. Tadbirlarda sahnada bo‘lardim. Habiba opam esa bu borada tortinardi. Katta opam esa anchayin bo‘shroq edi. Ammo u ham faqat sahna asarlaridan monologlarni yoddan aytardi».

Safiya opaning aytishicha, onalari bolalarni majburlikdan non ishiga solgan. Chunki, kuniga bir xalta, gohida undan ko‘proq undan non tayyorlanar ekan. O‘shanda unlar boshqacha bo‘lgani sabab xamir oqshomda tayyorlanib, zuvala holida maxsus dasturxonlar qatida qo‘yilgan. Ertalab xamir yetilganda qizlar nonni yasab, o‘g‘illar tandir boshiga uzatib bo‘lib, maktabga yo‘l olishgan. Onalari yopgan. Keyinchalik, ulg‘aya borib xamirni ham, tandirni qizartishni ham bolalarning o‘zi bajaradigan bo‘lishgan. «Kechqurun soat 6-7 larda bir qop unni ikkiga bo‘lib, katta tog‘orada xamir qorilardi. Derazadan oftob kirib, uy qizib yotardi. Mening jussam kichik edi. Habiba opamning bo‘yi ham, bilaklari ham uzun edi. U xamirni yo‘g‘urardi, keyin ikkinchi katta tog‘oraga kesib-kesib bo‘laklab tashlab, mushtlashga berardi. Gohida katta opam, gohida akam yoki ukam mushtlardi. Lekin bu ish ko‘proq menga qolardi. Xamir yetarlicha qattiqgina bo‘lardi, shu sabab mushtlash qiyin kechardi. Nonning sifati yaxshi mushtlanganiga bog‘liq bo‘lardi».

Safiya opa gap orasida mushtlaganda mushtining turtib chiqqan joylari qadoqlanishi, qop-qora dog‘ bo‘lib qolishini ham aytib o‘tadi. U to‘y bo‘lganida qora bo‘lib qolgan qo‘llarini yashirganini ham esladi. «O‘zim yaxshiginamanu, qo‘lim necha yil qadoqlari bilan qoldi...».

Safiya opa Samarqandning mashhur Siyob bozoriga Toshkentdan ijodkorlar guruhi kelganini eshitganlari bo‘yicha hikoya qiladi. Habiba opa shu kuni odatdagidek bozorga non sotgani chiqqan. U paytlar maktabni bitirgan yigit-qizlargagina bozorda savdo qilishga ruxsat bo‘lgan. Shundan, avvaliga bozorga oilaning to‘ng‘ich qizi Norbibi chiqqan. Keyin navbat Habibaga yetgan.

Habiba opa suratga tushgan kunda aslida bozorga atlas ko‘ylakda bormagan, ikki-uch kunda yuvilib kiysa bo‘ladigan ko‘ylakda bo‘lgan. «Lekin nima kiysa ham o‘ziga yarashardi, did bilan kiyinardi, opam judayam zebo edi-da, yuzida bittayam dog‘ yo‘q edi, engagida chuqurchasi bor edi. Sochlari qalin va uzun edi, ikkita yoki bitta qilib o‘rib tashlab qo‘yardi. Faqat bayram yoki dugonalari to‘ylarida suratdagi kabi turmaklardi».

Ijodkorlar avval meva-chevalarni, ziravor va chaq-chuqlar rastalari bo‘ylab rasmlar olib-olib kelib, non rastalari yonida turib qolishgan. Ular go‘zal qiz tomonga qarab nimalarnidir o‘zaro gaplashishgan. Biroq, o‘ziga hech bir so‘z aytishmagan.

Non bozorni nazorat qilib chek yiqqan, birda nonvoylarga qattiqqo‘l, birda qayishgan ayolni bozorda hamma birdek «Oya» deb chaqirishardi. Toshkentlik mehmonlar to‘g‘ri shu ayaga murojaat qilishgan ekan. Oya kelgan-da, «Habibajon, qizim, aylanay sendan, bular kitob chiqarar ekan, sen borib o‘zingga qarab, atlas ko‘ylak kiyib kel» degan. Bozorda Oyaning gapi gap bo‘lgan.

Xullas, Habiba uyga kelib atlas ko‘ylagini kiygan, sochini chiroyli turmaklab, o‘shanda simli durracha urfda bo‘lgan, o‘shani boshiga tang‘ib non bozorga qaytib boradi. Uning qo‘liga mevali tovoq (lagan) berib suratga tushirishgan. Yana boshqa holatda osiyo nonlari bilan ham bir necha ko‘rinishlarda rasmga olishgan.

«Hech vaqt o‘tmay mahallada duv-duv gap deng. Habiba «Saodat» jurnaliga chiqibdi! O‘sha paytlar hamma xonadonlarga «Saodat», «Guliston», «Fan va turmush» kabi jurnallar kirib borardi-da. Maktabda o‘qituvchilar faxrlangan. Keyin shu surat Samarqandning katta albom kitobiga ham chiqdi. «Ogonyok»mi, qandaydir markaziy jurnallarda ham bosildi deb eshitdigu, lekin qo‘limizga tushmadi», — dedi suhbatdoshim samimiyat bilan.

Habiba opaning yaqinlari uning juda mehnatkash va uddaburon ekanini ko‘p ta’kidlashadi. «Habiba opam nonni ham gupillatib pishirardi, uning nonlari bozorda birinchi o‘rinda bo‘lardi, qip-qizil qilib, bitta joyini kuydirmay pishirardi. Katta opam bilan men o‘lsak o‘ldik, lekin non yopolmadik. Habiba opam hammasini a’lo bajarardi. Nonni shunday yasardiki, bitta egri-bugrisi yo‘q, aylana noni, kunguralariga gap yo‘q. O‘zi qanday go‘zal bo‘lsa, qo‘lidan chiqqan non ham shunday chiroyli edi».

Yaxshi ishlagandan keyin qizning yaxshi kiyinishga ham imkoni bo‘lgan. Shifonerdagi namozshomgul, hashtepki, yahudiy deb atalgan atlas ko‘ylaklari shaharning nomdor tikuvchilariga tiktirilgan. Lekin ko‘proq tayyor liboslarni, fin liboslarini yaxshi ko‘rib kiygan ekan. Baland va uchi ingichka, shpilka poshnali poyabzalda chiroyli yura bilgan.

Yoshlik hamma davrda ham yoshlik! Shusiz ham shaydolari ko‘p bo‘lgan qizgina surati kioskalarda ilib qo‘yilganda uning xaridorlari yanada ko‘paygan. «Biram sovchi keladi, biram sovchi keladi. Hali erga tegmayman, hali erga tegmayman, deb ularni noumid qaytaraverdi. Oshiq bolalarning nechtasi uning ishqida kasallar bo‘lib ham qoldi».

Aytishlaricha, Habiba opaning achchig‘i yomon bo‘lgan. Hazillashmoqchi bo‘lgan bolalarni bir urib ariqqa ag‘dargan paytlarini kulib eslashadi. «Garchi nazokatli, latofatli qiz bo‘lsa ham o‘rni kelganda o‘g‘il bolaga xos xislatlari ham bor edi. Balki ro‘zg‘or ishlari juda erta boshiga tushganidandir», — deydi singlisi. Shunga qaramay shu qizning yo‘lini poylaganlar kam bo‘lmagan.

Habiba opa, suratini bir ko‘rib oshiq bo‘lganlarni emas, o‘zi sevishib, gaplashib yurgan yigitiga turmushga chiqadi. Biroq, bir-ikki yilda hayotning katta sinovlari oldida qoladi. O‘g‘li yoshiga yetmay vafot etadi. Qizalog‘i bilan ovuna boshlayotganda o‘zi dardga chalinadi. U endi yanada kuchli bo‘lishi kerak edi. Necha yillar Moskva shifoxonalarida takror va takror jarrohlik amaliyotlarini boshidan kechiradi. Nihoyat yetti yil deganda Samarqandga qaytgach, bitta o‘pkasi bilan bo‘lsa ham sog‘-salomat qaytgach, ko‘p o‘tmay turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tadi.

«Hayot zarbalariga qaramay, yoshligi ortda qolganda ham opam go‘zal, mehrli edi», — deydi Safiya opa.

Habiba opa

Yolg‘iz qizi Azizaxonga umrini bag‘ishlab o‘tkazgan Habiba Muqimova 2018-yilda 64 yoshida, yurak xuruji tufayli olamdan o‘tdi. Azizaxon hozirda Turkiyada, farzandlar, nabiralar mehri qurshovida yashayapti deyishdi.

«Mening opalarim kabi opa, mening jigarlarimdek jigar yo‘q edi. Men shoir emasman. Biroq ichimdan to‘lqinlanib kelganlarni qog‘ozga tushiraman, o‘xshamagan bo‘lsa uzr», deya Safiya opa ko‘zda yosh bilan bir daftarni uzatadi.

Qo‘l uzatsam, qo‘lim yetmas, ruhi ravonim qaydasan,

Oh ursam, ohim yetmas, jismu jahonim qaydasan,

Mozoringga izlab bordim, sendan sado chiqar deb,

Mozoring jim, sado chiqmas, ko‘z tumorim qaydasan.

Vasiyatlar, vidolashuv nechuk nasib etmadi,

Ezgu niyat tilaklarim samolarga yetmadi.

Orzularing armon bo‘lib saroblarga aylandi,

Ko‘zlari yo‘limda qolgan intizorim qaydasan,

Ichim g‘amga to‘lganida g‘amgusori qaydasan...

Qirq kun bo‘ldi, bu olamdan izi o‘chgan g‘oyibim,

G‘oyib bo‘lib ketsang hamki, mangu dilda hozirim,

Ertayu kech, tunu kun yonimda yonimda sen nozirim,

Mendan rozi ketdingmi sen, rozdonim qaydasan.

Gar dunyoga qayta kelsang, yana opam bo‘lib kel,

Singling bo‘lay men yana, yana opam bo‘lib kel,

Diydoringga to‘ymadim, o‘zing opam bo‘lib kel,

Men qaqshatib ketding, dilxumorim qaydasan...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring