Metall konstruksiyalardan quyosh panellarigacha – Enter Steel va Enter SOLAR Green Energy istiqboli namoyish etildi

Mamlakatimizning sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan bu borada Enter Engineering Kompaniyalari guruhining qo‘shayotgan hissasi keng jamoatchilikka namoyish etildi. Shu maqsadda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida joylashgan Enter Steel va Enter SOLAR Green Energy mashinasozlik zavodlariga televizion kanallar, bosma va elektron nashrlar vakillari hamda blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Enter Steel zavodi nisbatan qisqa vaqt ichida metall konstruksiyalar, ko‘prikli va chorpoya kranlar, bosim ostida ishlovchi sig‘imlar va apparatlar tayyorlash bo‘yicha yiliga 25 mingta mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi va O‘zbekistondagi eng yirik korxonaga aylandi. Darhaqiqat, zavodning quvvati va salohiyati ortib bormoqda — uning filiali Olmaliq shahrida ishlamoqda, Buxoroda esa «Enter Steel Karakul» yangi zavodi qurilmoqda.
E’tiborli tomoni, barcha mahsulotlar loyihasi Chirchiq shahrida joylashgan zavodga tegishli konstruktorlik byurosida yaratilmoqda. Asosiy e’tibor ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahon standartlariga mos bo‘lishiga qaratilgan. Buning natijasi o‘laroq, zavod mahsulotlari ASME, ISO, IQNet kabi xalqaro sertifikatlarga muvofiq deb topildi.
OAV vakillari sexlarda bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini yaqindan kuzatdilar va yetakchi mutaxassislar bilan suhbatlashdilar. Zavodning markaziy laboratoriyasida mahsulotlar sifati qay darajada sinchkovlik bilan tekshirilishi o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Bu yerda mehmonlarga Ispaniyaning Ibertest brendi tomonidan ishlab chiqarilgan fizika-mexanikaviy sinovlar uchun mo‘ljallangan apparatlarda metallarning sifatini tekshirish jarayoni ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
Press-tur dasturida belgilangan yana bir manzil — joriy yilda qurilgan va ayni paytda ishga tushirish-sozlash jarayonlari olib borilayotgan Enter SOLAR Green Energy zavodi bo‘ldi. Eng zamonaviy ishlab chiqarish innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zavod Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Bu yerda 25 yillik foydalanish muddati kafolatlangan quyosh panellari tayyorlanadi. Ushbu mahsulot kelgusida mamlakatimizda bunyod etilajak fotoelektrik stansiyalarga o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Jurnalistlar va blogerlar yaqindagina montaj ishlari yakunlangan Ecoprogetti’ning avtomatlashtirilgan liniyasi ishi bilan tanishdilar va mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Qayd etish joizki, bugun bu yerda mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgani ham Enter Steel va Enter SOLAR Green Energy zavodlarining yuksak ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter