«Meningfikrim.uz» portalida 70 dan ziyod petitsiya e’lon qilindi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmedxo‘jayev raisligida vazirlik Hay’at kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Unda 2018-yilning I yarim yilligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish holati, shuningdek sohaga xorijiy sarmoyalarning jalb etilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi sarhisob qilindi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 30 dan ziyod yangi elektron davlat xizmatlari joriy qilindi. Natijada, jami xizmatlar soni 101 tani tashkil qilmoqda. Yagona portal orqali shu davr ichida fuqarolar tomonidan xizmatlardan foydalanish yuzasidan 31 mingta ariza kelib tushgan. Davlat xizmatlaridan foydalanish yuzasidan jami arizalar soni 560 mingtani tashkil qilmoqda.
2018-yilning aprelida jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Meningfikrim.uz» portali ishga tushirilgan edi. Bugungacha mazkur resursda 70 dan ziyod petitsiya e’lon qilindi, 170 ta petitsiya qayta ishlash jarayonida. I yarim yillik natijalariga ko‘ra, portalda 1000 tadan oshiq jamoaviy murojaatlar kelib tushgan, ularga 13 mingdan oshiq fikr-mulohazalar qoldirilgan.
Shuningdek, shu yilning 1-fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi yangi talqinda ishga tushirildi. U orqali 2 milliondan ziyod murojaatlar kelib tushgan, 1,9 mln (98%) murojaat ko‘rib chiqilgan.
Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida O‘zbekiston Respublikasining 13600 dan ziyod me’yoriy hujjatlarining loyihalari e’lon qilindi, ularga nisbatan fuqarolarning 2 428 dan oshiq taklif va fikrlari olindi.
Birinchi yarim yillikda Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) innovatsiya markaziga a’zo bo‘lish istagini bildirgan kompaniyalardan 176 nafariga a’zolik maqomi berildi. Ularning soni bugungi kunda 319 taga yetdi. Bu kompaniyalarda jami 2,6 ming nafar xodim mehnat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter