Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Menga bu ayblov og‘ir botadi

Menga bu ayblov og‘ir botadi

Sherzod Qudratxo‘jayev.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

«Blogerlar qachon paydo bo‘ldi? Jurnalist yozmagani uchun, bo‘shliq bo‘lgani uchun ular yozishni boshladi va oldinga o‘tib ketdi», debdi 2-fevral kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining ochilish marosimida Sherzod Qudratxo‘jayev.

Ha, aytishgagina oson 20 yil unday qilolmadik, bunday qilolmadik, deb. Nega shunday qilolmadik, nima xalaqit berdi yozishimizga? Jurnalistlar maddoh ekan, jurnalistlar 20 yil uxlagan ekan, nega uxlaganimizni, nega yozolmaganimizni tahlil qilib bera oladiganlar bormi?  Bu gaplarni juda ko‘p eshitayapmiz. Yana mana shu jarayonning ichida bo‘lgan, tizimni, o‘sha davr siyosatini bizdan yaxshiroq bilgan hamkasblardan eshitayapmiz. Nega «jurnalist yozmadi, jurnalist uxlagan edi» degan  gaplar bilan bloger va jurnalist o‘rtasida jarlik yoki xitoy devorini o‘rnatish kerak? Jurnalist bilan blogerni taqqoslash va bu taqqoslash ortida jurnalistni pastga urish qanchalar to‘g‘ri? Ikkalasining yo‘li boshqa-boshqa. Ayni paytda ayrim blogerlarning 10 ta yozgan xayp maqolasi bir jurnalistning bir tahliliy maqolasiga teng kelmaydi.

Yana bir gap: jurnalist yozmagan payti siyosat shunday edi, o‘sha siyosat davrida birorta blogerni tanirmidik biz? Axir blog so‘zining kirib kelishi, ilk blogerning faoliyati 1990 yillarning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Jurnalistlarga shunday ayb qo‘ygichlarga savol bergim keladi: O‘sha siyosat davrida qanchadan-qancha jurnalist yozib tanqid qilgani uchun qamalganini bilasizmi yoki o‘sha paytlari Marsda edingizmi? 2003 yil «Mustaqil gazeta» degan gazetaning umri ayovsiz tanqidiy maqolalar berilgani uchun sanoqli oygagina yetganini bilasizmi? Yana tanqidiy, tahliliy maqolalar peshma-pesh berilgani uchun tazyiqqa uchragan «Hurriyat», «Vatan» gazetalarining taqdiridan xabaringiz bormi? Mana bugun erkin gapirish imkoni berilibdi, shuni tahlil qiladigan uyg‘oq bloger yoki jurnalist bormi? Yozmaslik, uxlash bizga bog‘liqmidi? Menga har safar mana shu ayblovlar og‘ir botadi.

Mendanam ko‘ra haqiqatni yozaman deb qamalib ketgan, tahdidlarga, tazyiqlarga uchragan, ishidan bo‘shatilgan va alal-oqibat sohasini o‘zgartirgan  jurnalistga bu ayblov undan ham og‘irroq botsa kerak. Shu paytgacha jurnalist va blogerni ajratmaganman. To‘g‘rida, kim bo‘lishidan qat’i nazar xalqqa foydasi tegsa bo‘ldi, deb o‘ylaganman. Lekin bugun jim turolmadim. Bugun blogerning emas, lug‘atimizda paydo bo‘lgan yangi atama «bloger» so‘zning qadri balandroq, menimcha. Odamlar ongida shuni shakllantirayapmiz.

Men blogerlarga  qachonki o‘sha biz hech narsa yozmaganimizda, bo‘shliq paydo qilganimizda  otilib chiqqanida qoyil qolgan bo‘lardim. Blogerlar ham jurnalistlar bilan birga uyg‘ondi. Xo‘p bugun media maydonida jurnalistni himoya qilamiz, jurnalistni muammolarini hal qilamiz, degan gaplarni eshitib kelayapmiz. 20 yil davomida nega bizni hech kim himoya qilmadi? Aynan himoya qilgichlar qayerda edi? Mana shunga qaysi botirning qurbi yetadi ochib tashlashga, tahlil qilishga...

Iltimos, o‘tmishga tosh otmay, bugungi ishimizni ko‘rsata olaylik agar uddalasak. Yangi tashkil qilingan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi jurnalistlar va blogerlar muammosini hal qilarkan. Biz ayni paytda muammomiz va murojaatlarimizni eshitadigan yana bir tashkilotga erishganimizdan xursandmiz. Lekin bundan buyog‘iga aynan jurnalist o‘zini ko‘rsata oladigan minbar gazetalar, bosma nashrlar ahvoli o‘nglanadimi? Boshqa tashkilotlardagidek, jurnalistning oyligi loaqal 5 mlnga boradimi, garchi hali 2 mlnni orzu qilish sarobga aylanib turganida. Ammo bitta narsadan baribir umid qilaman — biz bugun oyog‘i osmondan bo‘layotgan, qiyosiy, tahliliy maqolalar yozilishi unutilayotgan, professional jurnalistlarning maktabi hech kimga kerak bo‘lmay qolayotgan jurnalistika haqida qayg‘uradigan kunlar juda yaqin qoldi, juda ham... Chunki tahlil, qiyoslash orqaligina xolis fikrni aytish mumkin. U jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi katta tajriba va bilimga ega bo‘lmas ekan, kuchini faqat xayp uchun sarflaydi. Xayp esa xalqni aldaydi, chalg‘itadi, mulohaza qilishga yo‘l bermaydi. Mana shu yerda analitik jurnalistikaning o‘rni beqiyos ekanligini unutmasak bas...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring