Medvedevning sahifasida SSSRni tiklash haqida tahdidli bayonot chop etildi
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, mamlakat sobiq prezidenti Dmitriy Medvedevning «VKontakte» tarmog‘idagi rasmiy sahifasida SSSRni qayta tiklashga doir post chop etildi. Unda Rossiya Ukrainani «ozod qilgach», bepoyon Rossiya chegaralarini qayta tiklash bo‘yicha navbatdagi yurish boshlanishi ma’lum qilingan.
Tahdidlarga boy bayonotda Rusiya imperiyasi tarkibiga kirmagunga qadar Gruziya degan davlat mavjud bo‘lmagani iddao qilinadi. Qozog‘iston rus yerlarida sun’iy tarzda tuzilgan davlat degan da’vo ham ilgari suriladi. Post muallifi Qozog‘istonga rus askarlari borishiga ham shama qiladi.
Keyinroq D.Medvedevning «VKontakte»dagi sahifasi hakerlar hujumiga uchragani ma’lum qilindi va post o‘chirildi.
So‘nggi paytlarda Rossiyaning katta-kichik rutbadagi mulozimlari SSSRni qo‘msab bayonotlar bermoqda, Qozog‘istonga nisbatan hududiy da’volar bilan chiqmoqda.
2020 yil dekabr oyida Rossiya davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» dasturida «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir», deya da’vo qilgandi.
Joriy yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan kunlarda ham bir guruh rossiyalik deputatlar yana qo‘shni mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi bayonotlar berdi.
SSSR parchalanishini XX asrning yirik geosiyosiy fojiasi deb biladigan prezident Vladimir Putin ham sobiq Ittifoq borasida bir necha bor bahsli qarashlarini ilgari surgan.
AQSh prezidenti Jo Bayden Putinning rejalari Ukraina bilan chegaralanmasligi, u Sovet Ittifoqini tiklashga urinayotganini ta’kidlagan.
O‘zbekistonlik tahlilchi Otabek Bakirov ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishdan ko‘zlagan pirovard maqsadi SSSRni tiklash ekani haqida fikr bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter