Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«MChS»ni panoh qilayotgan MChJlar: maqsad faqat pul yig‘ishmi?

«MChS»ni panoh qilayotgan MChJlar: maqsad faqat pul yig‘ishmi?

Foto:«Xabar.uz»

Dam olish kuni edi. Darvoza taqilladi, chiqsam – formali bir yigit turibdi, deb yozadi jurnalist Nurullo No‘’monov. Ikki uy naridagi qo‘shnimiz eshigi oldida ham xuddi shunday oppoq forma kiygan ayol uch-to‘rt qo‘shni bilan gaplashmoqda. Avvaliga Majburiy ijro byurosidan, deb o‘yladim. Ammo adashgan ekanman…

– «MChS»danmiz, – dedi o‘zini viqor bilan Shahriyor Botirov, deb tanishtirgan yigit. So‘ng xizmat guvohnomasini ko‘rsatdi, ammo o‘qishga ulgurmasimdanoq cho‘ntagiga soldi.– To‘lov qilib qo‘yishlaring kerak ekan. Yig‘imlarni undirib yuribmiz.

– Tushunmadim, qanaqa tashkilot? Qanday to‘lov?

– Favqulodda vaziyatlardanmiz… 32 ming so‘mdan yillik yig‘im bor. Ana, qo‘shnilaringiz ham berishyapti. Bu ko‘chada bitta siz qoldingiz. To‘lov qilasiz, kvitansiya yozib beraman.

Yigitning o‘zini tutishini, boz ustiga, egnidagi ohori to‘kilmagan libosga yopishtirilgan vahimali tamg‘a (tashkilot ramzi)ni ko‘rib uncha-muncha sodda odam dovdirab qolishi turgan gap. Men ham Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida o‘zgarishlar bo‘lib, bexabar qolibmiz, shekilli, degan xayolga bordim. Yanayam anig‘ini bilish uchun «Bu yangilik qachon joriy qilindi? Nima uchun pul yig‘il-yapti?» deya savolga tutishga tushdim.

– «MChS» qoshida «Favqulodda holatlarning oldini olish va qo‘riqlash xizmati» degan tashkilot bor, – deya izoh berdi Shahriyor Botirov. – Biz xizmat ko‘rsatmaymiz. Xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar boshqa – mo‘rikon tozalaydiganlar…

Xullas, suhbatdoshimning otdan tushsa ham egardan tushmayotganligi, tap tortmasdan «Xonadonlarga kirishga vakolatlimiz», deya balanddan kelayotganligi shubha-gumonlarni kuchaytirdi. Uning telefon raqamlari, ish joyining manzilini yozgach, to‘lovni tashkilotiga o‘zim olib borishimni aytdim.

Aytilgan manzil Andijon shahrining O‘zbekiston ko‘chasida, katta yo‘l bo‘yidagi uch qavatli bino ekan. Binoning fasad qismida na nomi, na biror ko‘rsatkichi bor. Tashkilot haqidagi ma’lumotlar bilan binoning ichkarisiga kirgach, tanishdik: «Favqulodda holatlarni oldini olish va qo‘riqlash xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyatining hududiy boshqarmasi»…

Tevarak-atrofdagi do‘konlar, maishiy xizmat uylariga kirib, bir soatga yaqin so‘rab-surishtirdik, lekin MChJ direktori Bekzodbek Ahmedov va uning biror vakili bilan uchrashishning imkoni bo‘lmadi. Hamma eshiklari qulflangan. Tag‘in Shahriyor Botirovga qo‘ng‘iroq qilib, e’tirozlarimizni bildirdik, «Nega xususiy tashkilot ekanligini aytmadingiz?» deya izoh so‘radik.

– Rahbarimiz Farg‘onada o‘tiradi, – dedi u salmoq bilan. – Qanday masala qiziqtirsa, mendan so‘rayvering. To‘g‘ri, o‘sha kuni xonadoningizga kirib targ‘ibot qilmadim, chunki vaqt tig‘iz edi. Bizning MChJ viloyat bo‘yicha ishlaydi – xonadonlar bilan shartnoma tuzgach, rozilik bildirgan aholi vakillari yillik 32 ming so‘m to‘lov qilishadi. Agar yil davomida o‘sha uyda yong‘in chiqsa, xonadon egasiga eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida moddiy yordam ajratamiz. Xonadonlarga kirish, gaz ballonlarni, elektr tizimlarini, uylar tomiga bosilgan o‘t-xashaklarning yong‘in chiqarish xavfi qay darajada – bularni tekshirishga vakolatimiz bor. Chunki yong‘in xavfsizligi bo‘limi, elektr tarmoqlari korxonalari bilan qo‘shma chora-tadbirlar rejasi tuzilgan.

– Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan-chi?

– Yo‘q, ular bilan hamkorlik qilmaymiz…

…Bu gap-so‘zlar bir kun avval «MChS»danmiz» deb mahalla aylangan Shahriyor Botirov bilan suhbatdan bir parcha. Uning ta’kidlashicha, «Favqulodda holatlarni oldini olish va qo‘riqlash xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 30 kishi ishlaydi.

Bu MChJ qanday tashkilot o‘zi? Nizomida qanday maqsad va vazifalar ko‘zda tutilgan? Xodimlari hududlarni aylanib, sodda, huquqiy savodi haminqadar odamlarga o‘zlarini «MChS»danmiz, «MChS» qoshidagi tashkilotdanmiz…» deb tanishtirishadi. Qonun-qoidani yaxshi biladigan yurtdoshlarimizga esa MChJ haqida batafsil ma’lumot berish o‘rniga juftakni rostlashyapti.

Ayni sohaga daxldor idoralardan olingan ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona vodiysida yuqoridagi kabi faoliyati bir-biriga o‘xshash o‘nga yaqin MChJlar talaygina. Nomlarini qarang: «Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasi» xususiy korxonasi, «Andijon vodiy sifat (?) yong‘inni oldini olish», «Namangan yong‘indan saqlash», «Vodiy sifat yong‘inni (?) oldini olish», «Yong‘inga qarshi tezkor kurashish» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va hokazo.

Mayli, tadbirkorlik zamoni – odamlarni rozi qilib ishlasa, haloli bo‘lsin! Biroq mazkur tashkilotlar faoliyatini, xodimlarining ish uslubini kuzatish asnosi qator savollar yuzaga kelayotir.

Qonunda xususiy korxona – mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot, tadbirkorlik sub’yektlarining tashkiliy-huquqiy shakli sifatida e’tirof etiladi. U faoliyat turlarini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi mumkin. Ammo favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini ta’minlash sohasida yagona maxsus vakolatli organ – Favqulodda vaziyatlar vazirligi hisoblanadi. Demak, vazirlikdan boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bu yo‘nalishda tijoratchilik va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Ya’ni respublika aholisi va hududlarini turli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash – davlat siyosatining asosiy tamoyili, u faqat davlat tomonidan ijtimoiy tartibda amalga oshiriladi.

Shundan kelib chiqsak, yuqoridagi MChJlar, xususan, biz faoliyati bilan tanishgan «Favqulodda holatlarni oldini olish va qo‘riqlash xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyati fuqarolarni muhofaza qilish va zarar ko‘rish xavfini kamaytirish maqsadida targ‘ibot olib borishga, shartnoma asosida moddiy va moliyaviy ta’minlash ishlarini ro‘yobga chiqarishga qonuniy jihatdan qay darajada vakolatli? Sirtdan qaraganda, bu holat sug‘urta kompaniyalarining faoliyati bilan bir xil emasmi?MChJ kadrlari fuqaro muhofazasi sohasida oliy va undan yuqori (magistr) ta’lim darajasiga egami? Yo‘q! Masalan, biz bilan uchrashgan Shahriyor Botirov Kompyuter texnologiyalari kollejini tamomlagan. Umuman, MChJ vakillari favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda bartaraf etish bo‘yicha kasbiy va maxsus shahodatlashdan o‘tganmi? O‘tmagan! Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilarining kuyunib ta’kidlashicha, yuqoridagi tashkilotlar mazkur uch masalada hech bir talabga javob bermaydi.

Yuqorida aytdik, mazkur soha davlat nazoratidagi yo‘nalish. Demak, favqulodda holatlarda qutqaruv, fuqaro muhofazasini ta’minlash, aholi o‘rtasida o‘quv va targ‘ibot tadbirlari davlat tomonidan bepul olib boriladi. Shunday ekan, bu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan xususiy korxonalar ham ijtimoiy loyihalar asosida faoliyat ko‘rsatishi, zarar ko‘rish xavfini kamaytirishga qaratilgan, targ‘ibot-tushuntirish, moddiy-moliyaviy ta’minlash yumushlarini hech qanday shartnomasiz – beg‘araz ro‘yobga chiqarishlari kerak emasmi?

Odamlarni chalg‘itayotgan eng muhim muammolardan biri korxonalarning nomi bilan bog‘liq. «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonunda aniq-tiniq yozib qo‘yilibdi: «…adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga o‘xshash bo‘lgan belgilar ham ko‘rsatilmasligi kerak». Demak, «Favqulodda holatlarni oldini olish va qo‘riqlash xizmati» (Kimni kimdan qo‘riqlaydi? – muallif.) mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda «Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasi» xususiy korxonasining nomlari qonunga nechog‘li mos ekanligi ham katta so‘roq ostida. Ayni masalada Davlat xizmatlari agentligi bosh¬qarma va bo‘limlari mutaxassislariga ham e’tirozlar borki, ro‘yxatdan o‘tuvchi tashkilotlar nom tanlayotganda tadbirkorlarga yuqoridagi jihatlarni eslatib qo‘yishlari zarur!

Mavzuni jamoatchilik e’tiboriga olib chiqish jarayonida tug‘ilgan savollar juda ko‘p. Demak, Bosh prokuratura hamda vakolatli idoralar xususiy «MChS»larning faoliyatini jiddiy o‘rganib chiqishlari taqozo etiladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa odamlar aldanib qolmasliklari uchun samarali targ‘ibotga zo‘r berishlari shart. Yo‘qsa, bilmaganlar «MChS»dan kelishibdi», deb xususiy tashkilot xodimlariga qo‘shqo‘llab pul tutqazib qo‘yaveradilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring