Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Is gazidan zaharlanganda qanday yo‘l tutish kerak?

Is gazidan zaharlanganda qanday yo‘l tutish kerak?

Foto: «RIA Novosti»

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda shu yilning o‘tgan 10 oyida is gazi bilan bog‘liq 32 holatda 53 nafar odam jabrlandi, 35 kishi vafot etdi. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida bo‘lib, iz gazidan 11 kishi vafot etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu noxush holatning yuzaga kelishi sabablari, oqibatlari, zudlik bilan ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar haqida ma’lumot berdi.

Is gazi rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng ko‘p uchraydigan zaharli birikma — tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi, chala yonishi oqibatida vujudga keladi. Tutun tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida 50-60 foizgacha is gazi bo‘ladi.

Is gazidan qator organik moddalarni (aseton, metil spirt, fenol va boshqalar) sintez qilish uchun foydalaniladigan korxonalarda, avtoulovlar turargohlarida ventilatsiya yomon bo‘lganda, yangi bo‘yalgan shamollatilmaydigan xonalarda, shuningdek, uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hamomlarda, dam olish palatkalarida isinish uchun cho‘g‘ olovlaridan va boshqalarda yonish mahsulotining to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz kislorodga nisbatan 300 marotaba tez va ko‘proq gemoglabinga birikish xususiyatiga ega, shuning uchun juda mahkam birikma-karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglabinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati juda pasayib, gipoksiyaga, og‘ir zaharlanganda anoksiyaga olib kelishi mumkin.

Is gazining katta miqdori tarkibida temir moddasi bor. Nafas olish fermentini parchalaydi. Bu o‘z yo‘lida, to‘qimalarning nafas olish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Is gazi bilan zaharlangan organizmda uglerod va oqsil almashinuvi buziladi, natijada, asidoz alomatlari yuzaga keladi. Qon tarkibida kaliy va kalsiy muvozanati markaziy nerv tizimi faoliyatini buzadi. Bosh miyada bosimning oshishi, miyaga va yurak mushaklarida qon aylanishi kuzatiladi. Organizmga kislorod yetishmasligi oqibatida markaziy nerv tizimi faoliyati buziladi. Shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Tabiiy gazning xonada to‘planishi oqibatida yong‘in yoki portlash sodir bo‘ladi hamda buning natijasida inson turli tan jarohati olishi mumkin.

Zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur, nafas olishi to‘xtab qolganda, sun’iy nafas berish lozim. Bu tadbirni bemor mustaqil nafas olgunga qadar yoki biologik o‘lim alomatlari paydo bo‘lguncha davom ettiriladi. Badanni ishqalash, oyoqlarga grelka qo‘yish, qisqa vaqt nashatir spirt bug‘larini hidlatish (nashatir spirti bemor burnidan kamida 1 sm uzoqlikda shimdirilgan paxta yoki marlida bo‘lishi shart, aks holda spirtning o‘tkir hidi bemorni paralich holatiga olib kelishi mumkin) zaharlanish oqibatlarini tugatishga imkon beradi.

Zaharlanib qolgan kishilar zudlik bilan kasalxonaga olib borilishi kerak, chunki birmuncha keyinroq o‘pka va asab tizimi tomonidan og‘ir asoratlar vujudga kelishi mumkin.

Agar bemor xushida bo‘lsa, tananing yuqori qismini qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatiladi, issiq choy yoki qahva ichiriladi. Har qanday is gazidan zaharlanish darajasida ham bemorlar shoshilinch holda reanimatsiya yoki toksikologiya bo‘limiga yotqiziladi. Kasalxonadan chiqqan bemorlar terapevt va nevropatolog kuzatuvida bo‘lishi shart. Aks holda keyinchalik uning alomatlari yuzaga chiqishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring