Mayyalarning uch ming yillik «Buvilar va buvalar» shahri topildi

Arxeologlar Gvatemala shimolida qariyb 3 000 yillik tarixga ega mayyalar shahri xarobalarini topishdi, deb xabar berdi The Guardian.
Ta’kidlanishicha, hozirgi talqinda Los-Abuelos deb nomlanuvchi bu shaharda saqlanib qolgan ehromlar va yodgorliklar u marosimlar o‘tkazishda muhim rol o‘ynaganini ko‘rsatadi.
Mayyalar tamadduni miloddan taxminan 2000 yil avval zamonaviy Meksika janubi va Gvatemala, shuningdek, Beliz, Salvador va Gondurasning ayrim qismlarida paydo bo‘lib, milodiy 400 va 900 yillar oralig‘ida taraqqiyotining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgan.
Ispanchadan tarjima qilinganda «Buvilar va buvalar» degan ma’noni beruvchi Los-Abuelos Gvatemala shimolidagi juda muhim arxeologiya yodgorligi Uashaktundan 21 kilometr olisda joylashgan.
Shu manzilda topilgan ikki insonsifat haykal — «oila juftligi» sharafiga shahar shunday nomlangan. Gvatemala madaniyat vazirligi bayonotiga ko‘ra, miloddan avvalgi taxminan 500–300 yillarga mansub bu haykalchalar mayyalarning o‘z ajdodlariga sig‘inishini ifodalovchi qadimiy amaliyot bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
O‘n olti kvadrat kilometr maydonni egallagan shahar xarobalari gvatemalalik va slovakiyalik arxeologlar tomonidan Uashaktun bog‘ining kam o‘rganilgan hududida topildi. Shuningdek, shu manzilda freskalar bilan bezalgan, balandligi 33 metrli ehrom hamda ko‘hna sug‘orish tizimi aniqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter