Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligida Qashqadaryodagi maxsus shtabda geologiya-qidiruv ishlari muhokamasiga doir sayyor yig‘ilish o‘tkazildi (foto)

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligida Qashqadaryodagi maxsus shtabda geologiya-qidiruv ishlari muhokamasiga doir sayyor yig‘ilish o‘tkazildi (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida uglevodorod xomashyo zaxiralarini oshirish, tabiy gaz qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha bergan topshiriqlarni ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda olib borilayotgan ishlar holati o‘rganildi.

Qilingan har bir ish va rejalashtirilgan vazifalarni joyida o‘rganish maqsadida, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Qashqadaryo viloyatida tashkil qilingan Maxsus shtabda sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Muhokamalar asosida o‘tkazilgan uchrashuvda uglevodorod xomashyo zaxiralarini oshirish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nodir Muhutdinov, «Neft va gaz ilmiy-tadqiqot, loyihalash instituti» rahbari Ulug‘bek Nazarov, «O‘zbekgeofizika» AJ rahbari Anvar Toshqulov, «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» rahbari Ravshanjon Yusupjonovlar ishtirok etishdi.

O‘rganish davomida, joriy yil boshidan buyon bajarilgan geologiya-qidiruv ishlarining bugungi holati, 2020 yilda uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish ishlarining natijalari, bu borada 2021 yilda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, 2020 yilda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va rivojlantirish ishlariga «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan o‘z vaqtida yetarli miqdordagi moliyaviy mablag‘larning yo‘naltirilishi natijasida 750 kv. km 3D seysmik-qidiruv ishlarining bajarilganligi, 6 ta yangi maydonlrning burg‘ilash ishlariga kiritilganligi, 76 ming pog. metrdan ortiq burg‘ilash ishlari amalga oshirilganligi, 33 ta quduqlar qurilish bilan tugatilganligi va buning natijasida 1 ta «O‘rtaqum» yangi koni ochilib, yana 2 ta «O‘rtabuloq» maydonining terrigen yura yotqiziqlarida hamda «Janubiy Aqqum» maydonida – yangi tabiiy gaz zaxiralari aniqlanganligi va yakunda 20,1 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 1,0 mln tonna suyuq uglevodorod zaxiralari o‘stirilganligi qayd etib o‘tildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan quduqlarni burg‘ilashni o‘z vaqtida tashkil qilish maqsadida zarur material-texnik resurslarni sotib olish uchun 65 mln dollarlik shartnomalar tuzilib jihozlarni yetkazib berish ishlari boshlandi.

Bu borada qilingan ishlar, belgilangan vazifalar borasida «O‘zbekneftgaz» AJ Geologiya departamenti rahbari Gulmurod Mavlonov o‘z hisobotini taqdim qildi.

2021 yilda yangi konlarni ochish va zaxiralarni ko‘paytirish maqsadida «Sho‘rtan» va «Uchqir» konlari hamda ularning atrofidagi hududlarda 1370 km. kv 3D seysmik-qidiruv ishlarini bajarish, jamiyat balansidagi 4 ta hamda Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan taklif etilgan 15 ta, jami 19 ta yangi maydonlarda 170 ming pogon metr hajmda izlov-qidiruv burg‘ilash ishlari olib borish, 50 ta izlov-qidiruv quduqlarini qurilish bilan tugatish mo‘ljallangan.

Bunda va burg‘ilash jarayonlarini uzluksiz tashkil etish, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda bajarilayotgan ishlarni har bir hudud kesimida alohida o‘rganish natijasida yil yakuniga qadar 35 mlrd kub metr tabiiy gaz va 900 ming tonna suyuq uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish belgilab olingan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi tomonidan geologiya-qidiruv ishlarining natijadorligi maydonlardagi burg‘ilash dastgohlarining yetarli darajada moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanganligiga bog‘liq ekanligi ta’kidlanib, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlar muhokama qilindi hamda tegishli rahbar va mas’ul mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

«O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari» korxonasi rahbari Ulfat Amonovga bu borada mavjud kamchiliklarni hal qilish maqsadida kerakli topshiriqlar berildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Burg‘ilash ishlarini muvofiqlashtirish departementi Elyor Mamatovga burg‘ilash ishlarini tez va sifatli bajarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Geologiya-qidiruv ishlari doirasidagi burg‘ilash va boshqa zarur ishlarni bajarishga 10 ga yaqin burg‘ilash, geofizika va ilmiy-tadqiqot ishlariga ixtisoslashgan korxonalar pudratchi sifatida jalb etilgan.

O‘rganishlar davomida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish borasida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, «O‘zbekgeofizika» AJ va «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» davlat korxonalari tomonidan buyurtma asosida bajarilayotgan ishlar va tadqiqotlarning samaradorligi masalalari ham tahlil qilindi.

«O‘zbekgeofizika» AJ va «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ mablag‘lari hisobiga bajarilayotgan ishlarga zamonaviy geofizik uskunalar va eng yangi texnologiyalardan foydalangan holda neft va gaz sohasida keng ko‘lamli qidiruv ishlarini amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Bu borada «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlari dasturi doirasida 40 dan ortiq shartnomalar moliyalashtirilayotganligi ushbu ishlarni bajarish uchun mustahkam zamin yaratishi alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, dasturiy komplekslarni qo‘llash orqali ularni zamonaviy talablarga mos holda amalga oshirishni boshlash zarurligi qayd etildi.

So‘nggi yillarda yangi konlarini ochishni ilmiy asoslash va geologiya-qidiruv ishlarining yangi yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar yetarli darajada puxta bajarilmayotganligi va bu ishlarga yangicha yondashish zarurligi, zaxiralarni hisoblash ishlaridagi bir qator kamchiliklarni bartaraf etish lozimligi, izlov-burg‘ilash ishlarini loyihalashtirish ishlarini zamonaviy darajada qayta tashkil etish talab etayotganligi, shuningdek, 3D seysmik-qidiruv ishlarini bajarishni yangi bosqichga ko‘tarish talab etilayotganligi ta’kidlandi.

Boshqaruv raisi tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ Konlarni ishlatish departementi rahbari Sirojiddin Mallayev va Sho‘rtan, Ustyurt, Gazli, Vodiy, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari Bosh geologlariga geologiya-qidiruv ishlari natijasida ochilgan yangi konlar va mahsulot olingan quduqlarni qisqa muddatlarda ishlab chiqarishga jalb qilish va bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, joylarda olib borilayotgan ishlarning natijadorligiga erishish, ishlarni jadallashtirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Joylardagi ishchi-xodimlar va mutaxascislarning samarali ishlash va dam olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni ham ko‘zdan kechirib, ularning salomatligi eng muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidlandi.

Tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlarga ishlab chiqarish jarayonlarini barcha zarur anjomlar bilan ta’minlash hamda sanoat va texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi topshirildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, zaxiralarni o‘stirish va uglevodorod xomashyosi qazib olishni qo‘paytirish borasidagi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Neft va gazni qazib chiqarish va qayta ishlashga innovatsion texnologiyalarni joriy qilishda, loyihalashtirish va ilmiy kuzatuvga e’tibor berilib, ayni shu orqali neft va gaz konlarini ochish, samaradorligini orttirish, uglevodorod xomashyosi zaxirasini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring