Maxsus komissiya qarori: mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘shimcha talablar belgilandi
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan mehmonxonalar uchun o‘z xizmatlarini tashkil etishda pandemiya sharoitidan kelib chiquvchi qo‘shimcha talablar belgilandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Unga ko‘ra:
- mehmonxonalarda qabulxona, kutish zallari, yo‘laklar, zinalar, lift, sanitar-gigiyenik nuqtalari har 8 soatda hamda umumiy foydalanishdagi buyumlar (eshik tutqichi, lift tugmalari, kutish zalidagi stol, ro‘yxatga olish joyi stoykasi va undagi ruchkalar) har 2 soatda kamida 1 marotaba dezinfeksiya qilinishi;
- umumiy foydalanishdagi ob’yektlar (lift, sanitariya-gigiyena nuqtalari, valyuta ayriboshlash shahobchalari, ovqatlanish joylari va boshqalar) antiseptik vositalari bilan uzluksiz ta’minlashi hamda qo‘lni davriy tozalab turish bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lishi;
- binoning kirish qismida tashrif buyuruvchilarning tana haroratini doimiy o‘lchashni va dezinfeksiyalashni yo‘lga qo‘yilishi;
- xodimlar va mijozlarning sonidan kelib chiqib shaxsiy himoya vositalarining (niqob, qo‘lqop, antiseptik vosita va boshqalar) kamida besh kunlik zahirasi shakllantirilishi va doimiy mavjud bo‘lishi;
- mehmonxonaning bandlik darajasi 50 foizdan oshgan taqdirda tibbiyot xodimining doimiy faoliyati ta’minlanishi;
- mehmonlarni nomerlarga joylashtirishda oilaviy mehmonlar soni 3 nafardan, boshqa mehmonlar soni 2 nafardan oshmasligi lozimligi belgilandi.
Mazkur talablar nomerlari soni 10 tadan ko‘p bo‘lgan mehmonxonalarga nisbatan tatbiq etiladi.
Pandemiya sharoitida xostellar va mehmon uylari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter