Masofaviy muolaja: ilk telemeditsina klinikasi ish boshladi
2020-yilning 17-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda respublikada ilk bor telemeditsina amaliyotiga start berdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bergan.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali professor va shifokorlari Mo‘ynoq tumanidagi 18 yoshgacha bo‘lgan surunkali kasalliklari bor bolalarni real vaqtda masofadan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Tibbiy ko‘rik jarayonida bolalar tekshirilib, ularga eng maqbul davo choralari tavsiya qilindi. Yurtimizning chekka hududlaridan biri Mo‘ynoq tumanida istiqomat qiluvchi bolalar mazkur tumanda tashkil etilgan zamonaviy Innovatsion telemeditsina klinikasiga kelib, yurtimizning eng yetuk shifokorlaridan maslahatlar oldilar.
Mazkur Innovatsion telemeditsina markazi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yurtimizning chekka hududlaridan biri Mo‘ynoq tumanida tashkil etildi. Tuman hokimligi ajratgan yer maydonida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining Mo‘ynoqni rivojlantirish maxsus boshqarmasi bilan hamkorlikda mazkur klinika binosi qurib bitkazildi hamda AQShning AMD kompaniyasi bilan hamkorlikda telemeditsinaga oid barcha kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Klinikaning asosiy vazifasi Mo‘ynoq misolida O‘zbekistonda ilk bor chekka hududlarda joylashgan aholini Respublika markazidagi malakali shifokorlar va dunyoni istalgan nuqtasidagi tibbiyot muassasalaridagi mutaxassislar bilan real vaqt oralig‘ida bog‘lanib (onlayn) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish, terapevtik davo maslahatlarini olish imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, shifokor bemorni real vaqtda masofadan videotasvirini ko‘ribgina qolmay, uning ichki organlaridagi o‘zgarishlarni (ultratovush apparati), teri qoplamini (dermaskop), LOR kasalliklarini (otoskor), yurak-kon tomir kasalliklarini (Stetoskop, tanometr, pulsoksimetr va YeKG), ko‘z kasalliklarini (oftalmoskop) va boshqa jihozlar yordamida xuddi bemor yonida ko‘rik o‘tkazilgan sifat bilan teng sifatli tekshiruv usullaridan foydalanib bemorga tashxis va terapevtik davo o‘tkazish imkoni mavjud. Bunda bemorning chekka hududdan Markazga kelishiga hojat qolmasligi muhimdir.
Bu turdagi Innovatsion telemeditsina klinikalarini kelajakda barcha viloyatlar chekka hududlarida tashkil etish orqali aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi rejalashtirilmoqda. Bu xalqimiz hayot sifatini yaxshilanishiga, chekka hududlarda yashovchi hamyurtlarimizning tibbiyot xizmatlaridan bahramand bo‘lishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter