Maskni aldashgan ekan
Twitter ijtimoiy tarmog‘ida o‘rtacha statistik foydalanuvchilarga tegishli akkauntlarning 19,42 foizi bot bo‘lib chiqdi, mashhurlarda bu ko‘rsatkich 50 foizgacha yetishi mumkin, ya’ni obunachilarining yarmi — jonli odamlar emas, balki botlar.
SparkToro dasturiy ta’minot kompaniyasi tadqiqotchilari shu tariqa Ilon Maskning gumonini tasdiqlashdi — Twitter ijtimoiy tarmog‘ida feyk akkauntlar haddan ziyod ko‘p.
SparkToro ma’lumotlariga ko‘ra, masalan, AQSh prezidenti Jo Baydenning ijtimoiy tarmoqdagi obunachilarining 49,3 foizi — soxta akkauntlar. Botlarni tadqiqotchilar odam o‘zi muntazam tvitlar kontentini yaratmaydigan, o‘z yangiliklar tasmasini ko‘rmaydigan, umuman, Twitter ekotizimi bilan qandaydir aloqaga ega bo‘lmagan akkauntlar sifatida tasniflashdi.
SparkToro blogida ushbu tadqiqot natijalari e’lon qilinishi Twitter rahbariyati uchun bemavrid pallaga to‘g‘ri keldi. Chunki ijtimoiy tarmoq rahbariyati Mask bilan kelishuv paytida botlarning ulushi 5 foizdan oshmasligiga ishontirishgandi. Bu esa Maskga ijtimoiy tarmoqni sotib olish majburiyatini yuklardi.
«Feyk va spam akkauntlar 20 foizni tashkil etishi haqida ma’lumot oldim, bu Twitter tasdiqlaganidan to‘rt baravar ko‘p. Balki bundan ham ko‘pdir. Mening birinchi taklifim Twitter AQSh qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasiga taqdim etgan ma’lumotlar to‘g‘riligiga asoslangan edi. Agraval ma’lumotlarni ochiqlamas ekan, bitim tuzilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas» — deb yozgandi Mask Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
16 may kuni Agraval ijtimoiy tarmoqdagi feyk (soxta) akkauntlar 5 foizdan kamligini isbotlovchi dalillarni taqdim etishdan bosh tortganidan so‘ng, tadbirkor kompaniya rahbariga ana shunday ommaviy ultimatum qo‘ygandi.
Twitter akkauntlarining 20 foizi botlardan iboratligi uzil-kesil isbotini topsa, Ilon Mask katta ehtimol bilan ijtimoiy tarmoqni sotib olish niyatidan qaytadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter