Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur teleo‘yin ishtirokchilari 2 mlrd. so‘mga aldandi

Mashhur teleo‘yin ishtirokchilari 2 mlrd. so‘mga aldandi

Skrinshot.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga O‘zbekistondagi xususiy telekanallarining birida namoyish etilgan «Omadingizni bersin» o‘yinida qo‘lga kiritgan yutuqlarini olish imkoni bo‘lmayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan.

O‘yinda ishtirok etgan bir nechta ishtirokchilar turli xil texnika, telefon va avtomobil ham yutib olishgan.

Ammo, ko‘rsatuv suratga olinib bo‘lganidan so‘ng, teleo‘yin efirga uzatilgandan so‘ng 90 bank ish kuni ichida homiydan sovrinlar berilishi mumkinligini xabardor qilishgan.

Agentlik so‘rovi va o‘yin homiysi taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, namoyish etilgan ko‘rsatuvning jami 15 ta soni g‘oliblaridan faqat 1,2,3 va 12-sonlarida bir nafardan ishtirokchi o‘z yutuqlarini qo‘lga kiritgan, xolos. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutishmoqda. Ta’kidlanishicha, teleo‘yinga ishtirok etish va sovrin yutish umidida respublikaning turli viloyatlaridan ishtirokchilar poytaxtga kelishgan.

Bugungi kunga kelib, «Omadingizni bersin» teleo‘yini ishtirokchilarining umumiy yutuqlari 2 milliard so‘mni tashkil etadi.

Qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o‘ynaladigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish chog‘ida reklama beruvchi rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e’lon qilishi shart, deyiladi agentlik ma’lumotida.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko‘rsatuvchi iboralar bo‘lmasligi kerak.

Tegishli mukofot fondi mavjud bo‘lmagan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi.

Undan tashqari ishtirokchilari teleo‘yin nizomidan xabardor bo‘lmagan va ularga ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilmagan.Bu bilan Qonunning 21 moddasiga xilof ish tutilgan.

O‘z navbatida Agentlikning Maxsus komissiyasi tomonidan «MIA- MAA» MChJga nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 21-moddalari talablari buzilganligi holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Ko‘rsatma berilgan.

Shu bilan birga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring