Mashhur narkobaron Pablo Eskobarning yolg‘iz qizi Manuelaning taqdiri qanday kechdi?
Pablo Eskobar — «Kokain qiroli», kolumbiyalik terrorchi va narkobaron. 80-yillarning oxirida butun dunyo bo‘ylab sotilgan kokainning 80 foizini nazorat qilgan. Dunyodagi eng mashhur, eng boy va shafqatsiz jinoyatchi. 30 milliard dollarlik boylik egasi. 1989 yilda «Forbes» uni boylar reytingining yettinchi qatoriga joylashtirgan.
Pablo Emilio Eskobar Gaviriya 1949-yil 1-dekabrda Medellindan (Kolumbiya) 40 km uzoqlikda joylashgan Rionegro shahrida tug‘ilgan. U fermer Abel de Xesus Dari Eskobar va maktab o‘qituvchisi Xemilda de los Dolores Gaviriya Berrioning yetti farzandining uchinchisi edi. Aka-ukalardan biri Gustavo Gaviriya keyinchalik uning narkokartelidagi birinchi yordamchisiga aylangan.
Pablo Eskobarning yagona — sevimli qizi bor edi. Go‘zal Manuela Eskobarning taqdiri juda og‘ir kechdi. Hozirgacha u ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini ochmagan, oilasidan farqli ravishda jinoyat sodir etmagan.
Manuela 1984-yilda Panamada tug‘ilgan. Otasi uchun kichkina Manuela dunyodagi eng bebaho xazina edi. U qizini doim la princesa — malika, deb atardi. Go‘dakning hech bir injiqligini yo‘q demasdan ado etardi.
Bir kuni Pablo qizi tug‘ilgan kunida haqiqiy yakkashox (peshonasida bitta shoxi bor, otga o‘xshab ketadigan afsonaviy jonivor)li bo‘lishni xohlayotganini eshitdi. Albatta, bunday hayvonning o‘zi yo‘q. Faqat Eskobar uchunmas... U haqiqiy otning boshiga shox mixlashni buyurdi, kamiga qanotlarini ham yasashdi. Orzusi ro‘yobga chiqqan Manuela o‘zida yo‘q xursand edi. Ko‘p o‘tmay «yakkashox» o‘lib qoldi...
Pablo qizining sut tishi tushganida million dollar sovg‘a qilgan. Bir safar — ta’qibga uchrab oilasi bilan eski fermada yashirinishganida, qizi sovqotmasligi uchun ikki million dollar pulni gulxan qilib yoqqan.
Pablo Eskobar qanchalik boy bo‘lsa, hayoti shunchalik behalovat va xavfli edi. Qidiruvga tushganidan so‘ng, oilasi bilan muloqot qilish xavfli ekanligini tushungan Pablo ular bilan bir yildan ko‘proq vaqt davomida aloqaga chiqmagan.
1993-yilning 1-dekabrida, 44 yoshini nishonlagan Pablo chidab tura olmasdan oilasiga qo‘ng‘iroq qildi. Maxfiy xizmatlar uning suhbatini eshitib, joylashgan nuqtasini aniqlashadi va qo‘lga olishga harakat qilishadi. Eskobar boshiga o‘q tegib, halok bo‘ladi. Keyinchalik uning o‘g‘li jurnalistlarga otasi qo‘lga tushmaslik uchun o‘z joniga qasd qilganini aytadi.
Bir odamda o‘zgalarga shafqatsizlik va o‘z qiziga ulkan mehr qanday jam bo‘lganini tasavvur qilish qiyin.
1993-yilning dekabr oyida, otasi bilan sodir bo‘lgan voqeadan keyin, 8 yoshli Manuela oilasi bilan Kolumbiyani tark etishga majbur bo‘ldi. Ular Argentinada, ularning oilasini qabul qilishga rozilik bergan yagona mamlakatda qo‘nim topishdi.
Argentinada Manuela o‘z nomini o‘zgartirdi — Xuana Manuela Marroken Santosga aylandi. Aks holda uni maktabga qabul qilishmasdi. Manuela 1999 yilgacha aslida kimligini pinhon tuta oldi.
Manuela otasi aslida kim bo‘lgan, nima bilan shug‘ullanganini 16 yoshida bildi. Bu hayotidagi eng og‘ir zarba edi.
«Singlim ham xuddi men kabi otamning dushmanlari qasos olishidan qo‘rqib yashaydi», — degan edi bir vaqtlar Manuelaning akasi Xuan Pablo.
Taxminlarga ko‘ra, aynan Manuela Pablo Eskobarning 20 milliard dollarlik boyligining asosiy merosxo‘ri. Qon to‘kilgan pullarning katta qismi Kolumbiya tomonidan jinoiy daromad sifatida musodara qilingan.
Hozirda 38 yoshli Manuela Argentinaning ulug‘vor poytaxti Buenos-Ayresda sokin hayot kechiradi. Biroq, uning aslida AQShning Shimoliy Karolina shtatida yashashi va elektrotexnik bo‘lib ishlashi haqida taxminlar ham bor.
Eskobarlar oilasining hech qanday jinoyatda qo‘lga olinmagan va qonunni buzmagan yagona a’zosi Manuela, omma oldida ko‘p ham ko‘rinish beravermaydi. Xuan Sebastyan Marrokin Santos nomi bilan tanilgan akasi esa jamoatchilik faoli, otasi haqida xotiralar kitobini yozgan, Pablo Eskobar haqida hujjatli filmni suratga olishda ishtirok etgan.
2017-yilda Xaver Bardem va Penelopa Kruz ishtirokidagi mashhur «Eskobar» (asl nusxasida «Loving Pablo, Hating Escobar») badiiy filmi tomoshabinlarga taqdim etildi. Kinoasarda kichkina Manuela rolini yosh aktrisa Hanna Loeste ijro etgan.
Nuriddin Ziyo To‘raqulov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter