Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur «lazer» guruchini yaratgan o‘zbek olimining taqdiri qanday kechgan edi?

Mashhur «lazer» guruchini yaratgan o‘zbek olimining taqdiri qanday kechgan edi?

Ishtixonlik olim va adib, sholining «Lazurniy» navini yaratgan olimni shaxsan bilgan va tanigan Zoyir Ziyotov bu nav ixtirochisi haqidagi o‘z xotiralari bilan bo‘lishdi. Achinarlisi shundaki, o‘tgan asrda, o‘sha davrdagi turli illatlar sabab uzoq vaqt dunyoga mashhur bu navning asl ixtirochisi deb boshqa odam ko‘rsatiladi. Ma’lum muddat o‘tibgina asl haqiqat yuzaga chiqadi.

Tanovul qilgan taomiga «Mazali bo‘pti», deb  baho berish o‘zbekda urf. Katta to‘yu-ma’rakalarda osh qilganga ham xuddi shunday – uni tayyorlaganlar haqiga duo qilinadi. Osh haddan ziyod mazali bo‘lganda «Lazer o‘zi zo‘r guruch chiqdi-da», deb qo‘yishadi. «Lazer» maqtaladi-yu lekin uni kashf qilgan kishi eslanmaydi. Chunki uning kimligini hech kim bilmaydi...

«Lazurniy» navi muallifining vatanidan uzoqdagi mashaqqatli mehnati natijasidir. Iztirob va ko‘z yoshlari ortidan dunyo yuzini ko‘rdi. Uning yaratilishi hatto Fidel Kastroni to‘lqinlantirdi. Shularni o‘ylarkanman, navning taqdirida to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxldor kishi sifatida uning tarixini yozmasligim mumkin emasligini his qildim. Bu tarix sizni befarq qoldirmaydi va zeriktirmaydi.

Internetda «Lazurniy» nav sholining yaratilish tarixida seleksionerlar «devzira»dan qolishmaydigan sholi navi yaratishga kirishdilar va u o‘tgan asrning 80-yillarida bor-yo‘g‘i ikki yilda kashf qilindi», deb yozadi Vladislav Xan. Emishki, sholining a’lo navlari chatishtirilib, ikki marta Kubaga olib borib kelingan. Ammo muallif yo‘q! Bu maqolaga kommentariyda Botir Abdullayev «Sholining «Lazurniy» navini mashhur sholikor, «Al Xorazmiy» sovxozining direktori, sotsialistik mehnat qahramoni Kim Nikolay Vasilevich kashf qilgan», deb yozadi.

Internetdagi bu ma’lumotlar haqiqatdan yiroq. To‘g‘ri, Nikolay Vasilevich mashhur sholikor edi va men u kishini yaxshi tanirdim, biroq mashhurlik sholi navi mualliflarining da’vogarligiga asos bo‘la olmaydi-da. Har qanday yangi navning yaratilishi buyuk voqea, chunki u seleksionerning mashaqqatli izlanishlari va mehnati natijasida dunyoga keladi. Ba’zan seleksioner bir umr sidqidildan mehnat qilib ham yangi nav yarata olmasligi mumkin.

O‘tgan asrning 70-yillari. Ishtixon tumanida xo‘jalik rahbari bo‘lib ishlardim. Obkom sekretari Vitaliy Kuksenko raykom Murod Jo‘rayev orqali meni surishtiribdi. Bordim. Yosh rahbarligimni inobatga olib, Kubaga, Jahon yoshlari festivaliga mening nomzodimni ko‘rsatmoqchi ekanini aytdi. Rozi bo‘ldim.

1974 yilning dekabr oyi boshlari. Kubadamiz. SSSR delegatsiyasining rahbari – kosmonavt Valentina Tereshkova. O‘zbekistondan besh-olti nafar yoshlar delegatsiya tarkibidamiz. Dam olish kunlarining birida elchixona xodimi «yurtdoshingiz bilan tanishtiraman», deb Gavana shahri yaqinidagi «Niniya bonita» («chiroylik qiz») tajriba stansiyasiga olib kelib, Tursunboy  aka bilan tanishtirdi. U kishi oilasi bilan shu yerda, sholining yangi navini yaratish ustida ishlayotgan ekan. Seleksiya ishlaridan yirik mutaxassis bo‘lmasam-da seleksionerning tavakkalchiligi meni hayratga soldi.

Tursunboy akadan «Qanday nav yaratmoqchisiz», deb so‘radim, u kishi «Sholining turini bilasizmi?», deb savol berdi.

«Seleksiya sohasida ishlamasam ham sholining lotincha nomi «ORUZA SATIVA»ligini bilaman, institutda buni yodlaganmiz», dedim. Tursunboy aka «ana shu «Oruza Sativa»ni kichik tur «indika» bilan chatishtirmoqchiman», dedi qat’iy. Men biror jo‘yali maslahat berishga ojiz edim, shunday bo‘lsa ham «Tursunboy aka, bu bo‘lmaydigan ish-ku, qiyin yo‘lni tanlaganingizga hayronman», dedim. «Odamzod xachirni urchitgan-ku, nega o‘simlikda buni qilib bo‘lmas ekan?».

Tursunboy aka o‘sha paytlar o‘ttiz besh yoshlardagi serg‘ayrat yigit edi, uning talabi bilan 15 kunda teplitsa (issiqxona) qurib berishibdi. O‘zimcha «Kubada issiqxonaga ne hojat», deb o‘ylab qo‘ydim, lekin o‘ziga hech narsa demadim. Tursunboy aka osh bilan ziyofat qildi, men «Kubada qornim to‘ymayotuvdi, rahmat, aka», deb minnatdorchilik bildirdim. Keyin bilsam mamlakat aholini kartochka sistemasida oziq-ovqat bilan ta’minlarkan.

Vatandoshingni uzoq yurtlarda ko‘rish juda maroqli, lekin u kishining seleksiya ishlaridagi suhbatlariga tengma-teng fikrlar aytolmasdim. Ko‘p yillar o‘tib Tursunboy akaning olamshumul yaratuvchilik ishlariga o‘zim ham daxldor bo‘lib qolishimni hali bilmasdim.

1983 yil dekabr. Moskva. SSSR navlarni sinash davlat komissiyasi. Tegishli rasmiyatchiliklardan so‘ng shu tashkilotning O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha tarmog‘iga rahbar etib tayinlandim. Tasodifni qarangki, men rahbarlikka tasdiqlangan respublika tashkilotining bo‘lim boshliqlari ham shu yerda ekan. Ular yillik hisobot berish barobarida yangi navlarni rayonlashtirish komissiyasi ishida qatnashar ekanlar. Ular meni ko‘rgazma zaliga boshlab borishdi, bundagi  mahsulotlarning xilma-xilligidan ko‘z qamashadi, go‘yo butunjahon seleksiya yutuqlari mahsulotlari shu yerda jam bo‘lgan. O‘nlab jahon mamlakatlarida bo‘lib ham bunday manzarani ko‘rmaganman. Xodimlarim menga sholi navlarini ko‘rsatishni maqsad qilgan ekan.

Sholi (guruchga aylantirilgan)ning oltmishdan ziyod navi bor ko‘rgazmada. Shular orasidan «lazurniy» deb yozilgan nav tepasiga kelib «Mana bu o‘zbek seleksionerlarining yutug‘i, u uzun donli SSSRda yagona nav, deb maqtanishdi mutaxassislar. Haqiqatan u boshqa guruchlardan keskin farq qilib, yaltirab turardi. Hamma kelganlar shu guruchga qiziqib qolgan. Hatto hukumat rahbarlari ham kelib uni tomosha qilar va ko‘rgazma yakunida bu nav guruch ularning o‘ziga berib yuborilardi.

Birinchi yilgi sinov natijalarida olingan «Lazurniy» guruchiga N.Kosigin qiziqib qolgani uchun namunaning hammasi u kishiga berib yuboriladi. Xodimlarim mendan «M.Fedin qabuliga kirib «Lazurniy» sinovini to‘rtinchi yil ham davom ettirishga ruxsat olishimni» iltimos qilishdi. «Buni Toshkentga borganda batafsil tushuntiramiz», deyishdi. M.Fedin «Lazurniy»ning nafaqat sinovini uzaytirishga ruxsat berdi, balki bu navni yaratilishiga sabab bo‘lgan qiziq gaplarni ham aytib berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy davlatlarning rahbarlari mamlakatga kelganda ularga taqdim etilgan, tarkibida guruch bo‘lgan taomlarni ko‘rib «Nahotki seleksiyasi rivojlangan SSSRdek davlat sholining oliy toifali navlarini yarata olmasa», der ekan. Butun jahonda uzun donli sholi yetishtirish yuqori texnologiyani anglatarkan, SSSRning hamma hududlarida ekiladigan dumaloq donli sholi navlari esa past tabaqa navlar hisoblanarkan. Davlat rahbarlari bundan ta’sirlanib, olimlar oldiga uzun donli sholi navini yetishtirish masalasini qo‘yishadi. Dastlab Stavropol o‘lkasida seleksiya ishlarini olib borish mo‘ljallanadi, biroq bu o‘lka iqlimida uzun donli sholi pishib yetilmasligi ma’lum bo‘lgach, KPSS Markaziy Komitetining qarori bilan bu ish O‘zbekistonga yuklanadi. O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy Komiteti qarori bilan yangi tipdagi sholi navini yetishtirish O‘zbekiston sholichilik ilmiy tekshirish institutiga yuklanadi...

Toshkentga qaytgach, shu navga aloqador hujjatlarni o‘rgandim. 10-12 varaqli «delo»ning birinchi sahifasidagi «Olimpiada» degan yozuvga ko‘zim tushdi. U o‘chirilib, ustidan ruchka bilan «Lazurniy» deb tuzatilibdi. Buni Moskvadagi mutaxassislar tuzatgan ekan, sababi Moskvada o‘tgan olimpiada (1980 yil) sharafiga sholining Stavropol o‘lkasida yaratilgan navga oldinroq «Olimpiada» nomi berilgan. «Lazurniy» nomi esa guruchning nihoyatda shaffofligi uchun atalgan. Uning ovqatdagi mazasi ham, ko‘rinishi ham tengi yo‘q bo‘lib, faqat shu navga «5» ball qo‘yilgan. «Devzira» guruchi ham hatto 4,5 ball olgan.

«Nima uchun? Axir devziraga teng keladigan guruch yo‘q-ku», deb qiziqaman. Guruchga baho faqat osh (palov) bo‘yicha berilmas ekan, jahon andozalari bo‘yicha boshqa ovqatlarda ham «Lazurniy» guruchining shaffof va donador (ezilib ketmasligi)ligi e’tirof etiladi.

Moskvadayoq ko‘rgazmada «Lazurniy»ni ko‘rganimda Kubaga safarimda tanishganim seleksioner olim ko‘nglimdan o‘tgan edi, lekin u kishining ismi yodimdan ko‘tarilgan ekan. «Delo»ni ko‘rib, uning birinchi betidagi  muallif degan joyida «Isxakov Tursunboy Ergashevich, Pulina Polina Abramovna» degan nomlarga ko‘zim tushdi. Kubada faqat Tursunboy aka bilan tanishgandim, Pulinaning bu navga nima aloqasi bor ekan deb o‘yladim.

O‘zbekiston sholichilik ilmiy tekshirish instituti rahbariyatidan  Tursunboy akani surishtirdim. Ma’lum bo‘lishicha, Tursunboy aka Kubada bir yilda uch yillik ishni qilib (har 4 oyda bir mavsum) yangi navni yaratadi va vatanga qaytadi, biroq ko‘p o‘tmasdan u kishini Fidel Kastroning talabi bilan yana Kubaga olib ketishadi va olim hamon Kubada ishlar ekan. Seleksioner ishlagan tajriba stansiyani ilmiy tekshirish institutiga aylantiradilar. Yangi navni esa O‘zbekistonda Tursunboy aka bilan birga ishlagan Pulina davom ettirib, Tursunboy akaning tavsiyalari bilan statsionar sinovdan o‘tkazadi. Shuning uchun u «Lazurniy»ga hammuallif bo‘ladi. Achinarlisi, Tursonboy Is’hoqov Kubada bo‘lgani bois olamshumul guruch navining yaratilishi tarixi bilan bog‘liq tadbirlarda Pulina ishtirok etadi va «Lazurniy»ning haqida va’zlar o‘qiydi...

Keyingi yillarda minglab mahalliy va xorijiy navlar davlat sinovidan o‘tadigan tashkilotni boshqarar ekanman mana shu «Lazurniy»ni yo‘qotib qo‘ymaslikka o‘zimni mas’ul hisoblardim. 1984 yilda uni Toshkent, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari bo‘yicha, 1986 yilda esa Xorazm viloyati bo‘yicha rayonlashtirdik. «Lazurniy»ni ko‘paytirish va uni ommaga yetkazishda qat’iyan sotsialistik tuzumga xos bir byurokratik to‘siq bor edi. Xo‘jaliklar mahsulotni davlatga sotish bo‘yicha rejaga ega. Hamma mahsulot, shu jumladan sholi ham shunday. «Lazurniy» esa kechki, ham hosildorligi past, agar uni xo‘jalik ko‘proq eksa davlat rejasini bajara olmaydi. Shu sabab xo‘jaliklar uni kichikroq maydonda ekib, ko‘p yillar tor doiradagi kishilar (raykom, obkom degandek) guruch bilan ta’minlab turiladi. Buning yaxshi tomoni «Lazurniy» shu yo‘l bilan yo‘qolib ketishdan asrab qolinadi.

Yillar o‘tib, sholiga davlat buyurtmasi bekor qilinishi bilanoq «Lazurniy», endilikda «lazer» nomi bilan bu guruch bozorga chiqib ketdi va endilikda xalkning sevimli guruchiga aylandi.

Tanishlarim mashhur guruchning muallifi bilan shaxsan tanishishni istadilar. Bir kuni taniqli yozuvchi Mahkam Mahmudov va fizik olim G‘ulomjon Axmedjonov bilan birga To‘ytepaga, Tursunboy akaning xonadoniga bordik. Hamrohlarim mashhur seleksionerning koshona hovlisi va qo‘sha-qo‘sha mashinalarini ko‘ramiz, deb o‘ylagan edi. O‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan pastakkina kichkina uy va eski bir «Jiguli»ni ko‘rib ular hayratga tushdilar. To‘g‘ri-da, salkam 12 yil xorijda ishlab sholining mashhur navini yaratgan va uning bu navi  nafaqat O‘zbekistonda, balki Lotin Amerikasi mamlakatlarida ham 3 million gektarda ekilayotgan  bo‘lsa-yu seleksioner  yupun yashasa. Axir kapitalistik  davlatda Tursunboy aka tengi dovrug‘li seleksioner millioner bo‘lardi!

Mahkam Mahmudov bilan Tursunboy aka tengdosh chiqib qoldi.  Murakkab kombinatsiyalardan iborat seleksion jarayonni hikoya qilib berayotgan olimning so‘zlaridan Mahkam aka hayratda edi. Seleksiya ishini neyroxirurgiya bilan qiyoslasa bo‘ladi, ayniqsa sholi seleksiyasini. Suvning ichida o‘tirib olib seleksioner sholining gulidan oddiy ko‘zga ko‘rinmas «otalik»larini lupada ko‘rib, pinset bilan avaylab «bo‘yni»ni uzib olishi va shu otalik o‘rniga boshqa o‘simlikdan «otalik» changi bilan bunisini changlash kerak. Kun bo‘yi shu jarayon davom etadi. Mavsumda bir necha yuz o‘simlik. Oddiy odam uchun o‘ta zerikarli bo‘lgan bu mashaqqatli ish Fidel Kastroni ham hayratga solgan va uning olimga e’tibori tushishiga sabab ham shu. «Ninita bonita» tajriba stansiyasini (bu stansiya Fidel Kastro qarorgohi hududiga tutash joylashgan ekan) Tursunboy Is’hoqovga suyanib, ilmiy tekshirish institutiga aylantirganida xato qilmagan ekan. Kubada sholining hosildorligi 15-17 sentnerdan 50 sentnerga ko‘tarilishida Tursunboy akaning xizmati cheksiz bo‘lgan.

Seleksioner vataniga qaytgach, ancha yillar o‘tib Kuba Respublikasining oliy mukofotiga lozim ko‘rilgan, lekin olim betob bo‘lib yotib qolgani bois mukofotni olishga bora olmaydi.

Mahkam aka olimdan «Lazer» navingiz yillar o‘tib aynimaydimi, uni qanday qilib sara urug‘ qilib saqlash mumkin», deb so‘raydi. Tursunboy aka «Har qanday sholi navi umrboqiy, Xudoning amri bilan bu ekin aynimaydigan qilib yaratilgan, oddiyroq qilib tushuntirsam, sholi gulidagi «onalik»ni atrofi «ota»lar bilan o‘rab olingan va bu «ota»lar haddan ziyod «rashk»chi. Boshqa o‘simliklardan kelib qolgan «spora»larni  «ona»ga yaqinlashtirmaydilar, ularning «bo‘ynini» uzib tashlaydilar, shuning uchun ham sholi navi ming yillarda ham aynimaydi», deydi olim...

O‘sha tashrifimizda tushgan surat bugun tarixiy suratga aylandi. Unda ko‘rinmaganimning sababi – suratkash o‘zim edim. Bu tashrifga ham 10 yildan oshib ketdi. Bu orada Tursunboy aka vafot etdi, joylari jannatlarda bo‘lsin. «Lazer» («Lazurniy»)ning qisqacha tarixi shu.

Biz oilamizda bozordan faqat «lazer» bilan «alanga» guruchi xarid qilamiz. «Alanga»ning mazasi «lazer»dan qolishmaydi, lekin uning yaratilish tarixida mavhumlik bor. Shunga aniqlik kiritish uchun Sholichilik ilmiy tekshirish instituti direktori Mas’udjon Sattorovga qo‘ng‘iroq qilaman. U kishi «Zoyir aka, bozorda siz xarid qilayotgan «alanga» navi, aslida hozirgi «Iskandar» navi, uning «delo»sini ko‘tarib ko‘rdim, muallif Is’hoqov Tursunboy va boshqalar....». «Nav «alanga»dan tanlab olingan». «Alanga»ning mazasi yuqori ekanligini sababini endi tushundim, Tursunboy aka hech qachon chala ish qilmagan, olimning ishlari natijasi ham umrboqiydir.

Hurmatli o‘quvchim, osh yeb, ominga qo‘l ochganingizda Tursunboy akani ham yodga olib duo qilib qo‘ying, toki ruhlari shod bo‘lsin.

Zoyir Ziyotov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring