Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyo davlatlari ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarni himoya qilishni kuchaytiradi

Markaziy Osiyo davlatlari ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarni himoya qilishni kuchaytiradi

11 fevral kuni «Silk Road Samarkand» kongress zalida «Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risida»gi Konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi doirasida «Tabiat chegara bilmaydi: ko‘chib yuruvchi turlar va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik qilish» mavzusida yuqori darajadagi tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Ko‘chib yuruvchi turlar to‘g‘risidagi konvensiya (CMS) ijrochi kotibi Emi Frenkel, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, Suvli-botqoqli yerlar bo‘yicha Ramsar konvensiyasining Bosh kotibi doktor Musonda Mumba, Markaziy Osiyo davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat sektori rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

«Keyingi besh kun ichida biz migratsiya turlari bilan bog‘liq qator masalalarni, jumladan, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarini muhokama qilamiz. Maqsadimiz – ekotizimlar va sog‘lom sayyorani saqlashda muhim rol o‘ynaydigan ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha yechim topish va samarali rejalar ishlab chiqish», — dedi Aziz Abduhakimov.

«Markaziy Osiyoda ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik» birinchi sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari o‘rtasida ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi sessiyada xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Markaziy Osiyodagi ko‘p tomonlama munosabatlar va hamkorlik masalalari bo‘yicha muloqoti o‘tkazildi. Uchinchi sessiyada esa davlat sektori rahbarlari ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash sohasida xalqaro va transchegaraviy hamkorlik bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari o‘rtasida migratsiya turlari va transchegaraviy yo‘laklarni himoya qilish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring